
Ukraina taktikasi ish bermoqda: Rossiyada yonilg‘i inqirozi xavfi kuchaydi
30.09.2025 | 19:4027773
Ukraina NQIZlarga yo‘naltirilgan zarbalar bilan Rossiyaning neft qayta ishlash quvvatlarining 17 foizini ishdan chiqardi. Natijada mamlakatda yonilg‘i taqchilligi va benzin narxlarining o‘sishi kuzatilmoqda.

Britaniyaning Daily Express nashrining yozishicha, Ukraina Rossiyaning neft sanoatiga qarshi izchil strategiya yuritmoqda. Dronlar va ATACMS raketalari Kirish, Krasnodar va Sizran neftni qayta ishlash zavodlariga hamda «Drujba» neft haydash quvuri va «Zongori oqim» («Goluboy potok») kabi muhim infratuzilmalarga zarba berdi.
Rus propagandisti Maksim Kalashnikovning tan olishicha, bu alohida hodisa emas, balki tizimli kampaniya. Uning hisoblashicha, neft qayta ishlash quvvatlarining taxminan 17 foizii ishdan chiqarilgan.
Oqibatda Qrimda yonilg‘i mahsulotlari uchun cheklovlari joriy etildi — bir kishiga 30 litrdan ortiq sotilmaydi. Sergey Aksyonov aholini «vahima qilmaslikka» chaqirgani holatning jiddiyligini tasdiqlaydi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya kuniga 5,5 mln barrel neft qayta ishlagan bo‘lsa, hozirgi zarbalar bu ko‘rsatkichni sezilarli qisqartirdi. Benzin narxi 15 foizga qimmatlagan, uni normalashtirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Eksport ham bir kunlik million barrelga yaqinga qisqardi. Bu nafaqat Rossiya byudjetiga zarba bermoqda, balki jahon bozorida ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ukraina taktikasi Kremlning asosiy zaif nuqtasini nishonga olgani qayd etilmoqda.





