
Uzbekistan Airways mahalliy parvozlar sonini oshirdi
27.08.2025 | 11:3038362
Uzbekistan Airways sentyabr oyidan Toshkentdan viloyatlarga qo‘shimcha reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha parvozlar Toshkentdan Termiz, Buxoro, Farg‘ona, Navoiy va Namanganga yo‘naltiriladi. Barcha reyslar Airbus A320 samolyotlarida bajariladi.
Jadvalga ko‘ra, Toshkent – Termiz reyslari 1–29 sentyabr kunlari dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Toshkent – Buxoro yo‘nalishi esa 9–30 sentyabr oralig‘ida seshanba va juma kunlari bajariladi. Shuningdek, Toshkent – Farg‘ona reyslari 6–27 sentyabrda har shanba kuni yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent – Navoiy reyslari 10, 17 va 24 sentyabr kunlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Toshkent – Namangan yo‘nalishi bo‘yicha 2–30 sentyabrda har seshanba va payshanba kunlari parvozlar tashkil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways tarkibidagi Silk Avia kompaniyasi texnik sabablarga ko‘ra ayrim yo‘nalishlarda parvozlarni ikki oyga to‘xtatgan edi.





