add

UZEXda korporativ o‘zgarishlar: bozor navbatdagi SPOni kutyaptimi?

Kecha 10:152 daqiqa

UZEXda ustav va boshqaruv qoidalarining yangilanishi, mustaqil a’zolar ulushi oshishi va moliyaviy o‘sish bozorda ehtimoliy SPO haqida savollarni kuchaytirmoqda.

UZEXda korporativ o‘zgarishlar: bozor navbatdagi SPOni kutyaptimi?

2026 yil 22-yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi» aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kvorumi 81,21 foizni tashkil etdi, kun tartibidagi asosiy masalalar 99 foizdan ortiq ovoz bilan tasdiqlandi.

Yig‘ilishda birjaning ustavi yangi tahrirda qabul qilinib, kuzatuv kengashi tarkibi 9 nafar a’zodan iborat etib belgilandi. Ulardan 3 nafari mustaqil a’zo bo‘lishi shartligi ustavda alohida qayd etildi. Shuningdek, kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizom ham ustavga muvofiq ravishda qayta tasdiqlandi.

Bu qarorlar korporativ boshqaruvda mustaqillikni kuchaytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, boshqaruv organlarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlanmadi, ushbu masala bo‘yicha aksiyadorlar o‘rtasida ovozlar deyarli teng taqsimlandi. Bu holat boshqaruv xarajatlari va motivatsiya masalalarida ehtiyotkorlik saqlanayotganini ko‘rsatadi.

2026 yil fevral oyi boshida birja kuzatuv kengashi va ijroiya organi a’zolarining aksiyalarga egalik qilishdagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham oshkor qilindi. Rasmiy reyestrga ko‘ra, ayrim a’zolar ulushi qisqargan, ayrimlarida esa oshgan, biroq bu o‘zgarishlar kompaniya ustav kapitalida hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmaydigan darajada qolmoqda.

Muhim jihati shundaki, ushbu ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq ravishda o‘z vaqtida ochiqlangan. Bu UZEXda axborot oshkoraligi va investorlar oldida hisobdorlik mexanizmi saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda birja aksiyalari bo‘yicha qo‘shimcha joylashtirish yoki ikkinchi ommaviy taklif to‘g‘risida hech qanday rasmiy qaror qabul qilinmagan. Ammo korporativ boshqaruv tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va ochiqlik standartlarini mustahkamlash bozor tomonidan e’tibor bilan kuzatiladigan jarayondir.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, UZEXda tuzilgan bitimlar umumiy hajmi 2024 yilga nisbatan 31 foizga o‘sdi. Birja savdolari 24 foizga, elektron davlat xaridlari esa 46 foizga oshdi. Shu davrda «Fitch Ratings» birja bo‘yicha prognozni «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirib, reytingni «B» darajasida tasdiqladi.

Rasmiy manbalarda SPO o‘tkazish bo‘yicha qaror mavjud emas. Biroq korporativ boshqaruvni institutsional standartlarga yaqinlashtirish, mustaqil a’zolar ulushini oshirish va moliyaviy natijalarning barqarorligi odatda ochiq bozorda qo‘shimcha joylashtirishlar oldidan kuzatiladigan omillar hisoblanadi.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid