
Uzum Bank'ning yarim yillik sof foydasi 264 foizga oshdi
13.08.2025 | 11:301553
Uzum Bank 2025 yilning birinchi yarmida 30,4 mlrd so‘m sof foyda qayd etib, o‘tgan yilga nisbatan uch baravar o‘sishga erishdi.

Uzum Bank 2025 yilning birinchi yarim yilini yuqori moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan yakunladi. Bankning sof foydasi 30,4 mlrd so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davridagi 8,4 mlrd so‘mlik natijadan 264,4 foizga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida bankning foizli daromadlari 90,5 foizga oshib, 25,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Foizsiz daromadlar esa 286,3 foizga o‘sib, 549,7 mlrd so‘mga yetdi.
Shu bilan birga, Uzum Bank aktivlari 136,5 foizga o‘sib, 1,3 trln so‘mga yetdi. Bank kapitali 61,5 foizga ortib, 683,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
1 iyul 2025 yil holatiga ko‘ra, kredit portfeli 107 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan. E’tiborli jihati, bank portfelida muddati o‘tgan kreditlar mavjud emas.
Moliya bozori tahlilchilari bankning yuqori o‘sish sur’atlarini faol mijozlar bazasi kengayishi va xizmatlar diversifikatsiyasi bilan izohlamoqda. Uzum Bank oxirgi yillarda raqamli xizmatlar segmentidagi faoliyatini kuchaytirar ekan, bu ko‘rsatkichlar bankning bozordagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Uzum Xitoyning Tencent kompaniyasi va xalqaro fondlardan 70 mln dollar investitsiya jalb qilib, bahosini 1,5 mlrd dollarga yetkazib, mamlakatning eng yirik texnologik loyihasiga aylantirgani haqida xabar bergan edik.





