add

Xitoy 20 MW'li dengiz shamol turbinasini ishga tushirdi

Bugun 13:332 daqiqa

Yangi uskuna quvvati va o‘lchamlari bo‘yicha dengiz shamol energetikasida amalda o‘rnatilgan eng yirik loyiha sifatida qayd etilgan.

Xitoy 20 MW'li dengiz shamol turbinasini ishga tushirdi

Xitoyning Goldwind kompaniyasi dunyoda ilk bor quvvati 20 MW'ga teng bo‘lgan dengiz shamol elektr generatorini o‘rnatib, qayta tiklanuvchi energiya sohasida yangi rekord o‘rnatdi. Uskuna mamlakatning sharqiy qismida, Futszyan sohillari yaqinida joylashtirildi va yaqin oylarda elektr tarmog‘iga ulanishi kutilmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur generator yiliga 80 million kWh'dan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu hajm taxminan 44 mingta xonadonning yillik elektr ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Shu bilan birga, u har yili 24 ming tonna ko‘mir sarfini tejab, atmosferaga chiqadigan uglerod gazi miqdorini qariyb 64 ming tonnaga qisqartiradi.

Loyiha China Three Gorges Corporation tomonidan amalga oshirilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, turbinaning barcha asosiy komponentlari Xitoyning o‘zida loyihalanib, ishlab chiqarilgan. Bu esa mamlakatning yuqori texnologiyali energetika uskunalari ishlab chiqarishdagi salohiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi. Turbinaning texnik ko‘rsatkichlari ham e’tiborga loyiq.

Rotor diametri 300 metrni tashkil etib, uning qamrov maydoni deyarli 10 ta standart futbol maydoniga teng. Uchta parrakning har biri 147 metr uzunlikka ega bo‘lib, montaj jarayonida ular 174 metr balandlikka asta-sekin ko‘tarilgan.

O‘rnatish ishlari maxsus, 2 ming tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega to‘rtinchi avlod dengiz kemasi yordamida amalga oshirildi. Mutaxassislar bu turbina nafaqat quvvati, balki ishonchliligi va ekstremal ob-havo sharoitida barqaror ishlash imkoniyati bilan ham sohada yangi standartlarni belgilashini ta’kidlamoqda.

So‘nggi yillarda Xitoy shamol energetikasi kompaniyalari quvvatni oshirish bo‘yicha jadal sur’atda harakat qilmoqda. Goldwind o‘tgan yili 16 MW'li suzuvchi modelni o‘rnatgan bo‘lsa, raqobatchi Mingyang kompaniyasi 16,6 MW'li OceanX turbinasini ishga tushirgan edi. Shu bilan birga, 20 megavattdan yuqori quvvatga ega ayrim modellar hozircha quruqlikda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Jahon bozorida esa Xitoy ishlab chiqaruvchilari turbina quvvati bo‘yicha g‘arb raqobatchilaridan ilgarilab ketgan. Masalan, Siemens Gamesa 21 MW'li prototipni Daniyada o‘rnatgan bo‘lsa-da, uni ommaviy ishlab chiqarish muddatlari hozircha aniq e’lon qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid