add

Xususiylashtirilishi kechikayotgan davlat banklari, qimmatlashgan nikoh uzuklari va AQSHda O‘zbekistonning yangi konsulxonalari — 12-noyabr dayjesti

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xususiylashtirilishi kechikayotgan davlat banklari, qimmatlashgan nikoh uzuklari va AQSHda O‘zbekistonning yangi konsulxonalari —  12-noyabr dayjesti

Eski «Toshturma» hududi sanoat kompaniyasiga berilgani oshkor bo‘ldi. U yer xiyobon bo‘lishi kerak edi

Yunusoboddagi 1891 yilda qurilgan sobiq «Toshturma» hududi dastlab dam olish maydoni sifatida qayta qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, loyiha yetti yildan buyon amalga oshirilmagan. 2018 yilda hukumat farmoyishi bilan hudud shahar hokimligiga berilgan va bulvar qurish topshirilgan edi. Biroq 2020 yilda Toshkent shahar hokimining qaroriga ko‘ra, yer uchastkasi «Ogneupor» MCHJga kompensatsiya sifatida ajratilgan. Kompaniya ilgari Chinobod ko‘chasidagi 3 gektar yerni yo‘qotgani uchun Namangan ko‘chasidagi 2,9 gektar maydonni doimiy foydalanish huquqi bilan olgan. Bu yerda 2024 yil aprelida 76 kv. m li ma’muriy bino qurilib, davlat kadastrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Hukumatning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga muvofiq, mazkur hudud qo‘riqlanadigan zonaga kiritilgani sababli u yerda turar-joy yoki boshqa ob’ektlar qurish taqiqlangan. «Ogneupor» dastlab sanoat ishlab chiqarishni tiklashni, keyinchalik mehmonxona yoki ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirgan, ammo moliyaviy imkoniyatlar yetishmagan. Kompaniya bir necha marta uchastka xususiylashtirish uchun ariza bergan, ammo qo‘riqlanadigan maqom sabab rad etilgan. Hokimlik barcha harakatlar amaldagi qonunchilikka muvofiq bajarilganini ma’lum qildi.

Davlat banklarini xususiylashtirish nega kechikmoqda?

Fitch Ratings hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish jarayoni endi ommaviy emas, balki maqsadli va bosqichma-bosqich yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Hukumat dastlab keng ko‘lamli sotuvni rejalashtirgan bo‘lsa-da, xorijiy investorlar faqat korporativ boshqaruv va barqaror tijorat modeliga ega banklarga qiziqish bildirgani sababli strategiya qayta ko‘rib chiqildi. Endi har bir bank uchun alohida transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, davlatning roli moliyalashtirishdan emas, boshqaruv va nazoratdan iborat bo‘ladi. Fitch O‘zbekiston Sanoatqurilishbankini (SQB) xususiylashtirish bo‘yicha namunali keys sifatida ko‘rsatdi.

Yangi moliyaviy islohotlar doirasida banklar ulushlari Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilmoqda. SQB aksiyalarining 30 foizi jamg‘armaga berilgan bo‘lib, 2026 yilda IPO orqali nazorat paketi xususiy investorlarga taklif etilishi mumkin. Bu jarayon muvaffaqiyatli o‘tsa, Aloqabank va Asakabank uchun ham yo‘l ochiladi. Fitch hisobotida ta’kidlanishicha, davlatning yangi siyosati — ommaviy emas, maqsadli xususiylashtirish, banklarni sotuvdan oldin samarali tizimga aylantirish va xorijiy investorlar uchun ochiqlikni ta’minlashdir.

«Olmaota – Toshkent» poyezdi dekabrdan har kuni qatnaydi

Qozog‘iston temiryo‘l kompaniyasi 14-dekabrdan «Olmaota – Toshkent» xalqaro yo‘nalishi bo‘yicha «Talgo» turdagi tezyurar poyezdi har kunlik qatnov rejimiga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Yangi jadval har kuni o‘rtacha 400 nafar yo‘lovchini tashish imkonini yaratadi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, poyezdlar zamonaviy xizmat sifati va harakat barqarorligi bilan farq qiladi. Kunlik qatnovlar yo‘lovchilar uchun sayohatlarni oldindan rejalashtirishni ancha osonlashtiradi.

«Loyihaning asosiy maqsadi — Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy munosabatlarni yanada rivojlantirish hamda mintaqaviy sayyohlik salohiyatini oshirishdir», deyiladi kompaniya xabarida.

O‘zbekiston AQSHda yangi konsulxonalar ochadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmonga muvofiq, mamlakat AQSHda yangi konsulxonalar ochishni rejalashtirmoqda. Yangi vakolatxonalar o‘zbek diasporasi ko‘p joylashgan shaharlarda — Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietlda faoliyat boshlashi ko‘zda tutilgan. Ular fuqarolar bilan muloqotni kuchaytirish, savdo va investitsiya hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashadi. Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda konsulxonalarni tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlashi kerak.

Shuningdek, Vashingtondagi elchixona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026 yildan Prezident Administratsiyasining AQSHdagi maslahatchi-vakil lavozimi joriy etiladi. U strategik investitsiya va savdo loyihalarini muvofiqlashtirish, hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash uchun mas’ul bo‘ladi. Maslahatchi-vakilni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tayinlaydi. Hozirda O‘zbekistonning Vashingtonda elchixonasi va Nyu Yorkda bosh konsulligi mavjud bo‘lib, yangi vakolatxonalar AQSHdagi vatandoshlar uchun konsullik xizmatlarini yanada qulay qilishni maqsad qiladi.

Benzin, metan, nikoh uzugi: oktabrda nimalar qimmatlashdi?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabrida nooziq-ovqat mahsulotlari bozorida narxlar barqaror bo‘lgan, tahlil qilingan 250 turdagi tovarlarning 97 foizida yillik o‘sish 10 foizdan oshmagan. Ayrim mahsulotlarda arzonlashish kuzatilgan: propan 18 foizga, A4 qog‘oz 3,9 foizga, yirik oshxona jihozlari 3,5 foizga arzonlashgan. Shuningdek, konditsionerlar, televizorlar va ovqat tayyorlash moslamalari narxi ham biroz pasaygan.

Biroq qator mahsulotlar keskin qimmatlashgan. Nikoh uzuklari 33,4 foizga oshgan bo‘lib, bu jahon bozorida oltin narxi ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Qish mavsumi oldidan metan 30,5 foizga, benzin esa 11,7 foizga qimmatlashdi. Gazetalar va jurnallar 15,3 foizga, dezodorantlar 10,3 foizga, tabiiy gullar 9,8 foizga, sigaretlar esa 9,6 foizga oshgan. Markaziy bank ta’kidlashicha, umumiy holat barqaror bo‘lsa-da, yoqilg‘i va energiya narxlari aholi xavotirining asosiy manbai bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid