
Yangi qaror: Xonadonlarida ishlayotgan tadbirkorlar mebel ishlab chiqara oladi
29.05.2025 | 11:5018832
O‘zbekiston Prezidenti qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga o‘z xonadonida mebel mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanish huquqi beriladi. Bu haqda «Mebel va yog‘ochsozlik sanoatining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hujjatda belgilangan.

Qarorga asosan, 2025–2028 yillarda mebel va yog‘ochsozlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshirilishi, eksport 100 million dollarga yetkazilishi va soha orqali 50 ming kishi daromadli mehnat bilan ta’minlanishi maqsad qilingan.
Shuningdek, 2029 yil 1 yanvargacha mebel ishlab chiqarishda ishlatiladigan 14 turdagi xomashyo, ehtiyot qismlar va aksessuarlar importida bojxona to‘lovi faqat 1 foiz etib belgilanadi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tannarxni pasaytirish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab esa mahalliy mebel texnologlarining xorijdagi nufuzli tashkilotlardan malaka sertifikatlari olishi uchun sarflangan mablag‘ning 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Yosh tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi jalb etib, mebel ishlab chiqarish imkoni yaratilishi va 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratilishi qayd etildi.





