
Yaponiyada 100 yoshlilar soni rekord darajaga yetdi
13.09.2025 | 16:2045543
Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni 100 mingga yaqinlashib, dunyoda aholisi eng tez qarib borayotgan mamlakat ekanini ko‘rsatmoqda.

Joriy yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 100 yoshga kirgan fuqarolar soni 99 763 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4644 nafarga ko‘p bo‘lib, oxirgi 55 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi. Bu haqda NHK telekanali xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yuz yoshlilar orasida ayollar ustunlik qiladi — ular 87 784 nafarni tashkil etib, umumiy sonning 88 foiziga teng. Mamlakatning eng keksa insoni sifatida 114 yoshli Shigeko Kagava tilga olindi. U Nara oblastining Yamatokoriyama shahrida yashaydi. Eng keksa erkak esa 111 yoshli Mizuno Kiyosi bo‘lib, u Sidzuoka oblastining Ivata shahrida istiqomat qiladi.
Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar eng ko‘p uchraydigan hududlar sifatida Simane, Kochi va Tottori oblastlari qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakat ayollari hayot davomiyligi bo‘yicha 40-marta jahon rekordini yangilagani ma’lum qilindi — ularning o‘rtacha umri 87,13 yilni tashkil etmoqda. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 81,09 yil bo‘lib, so‘nggi yilda o‘zgarmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham yaqinda tarixiy holat qayd etilgan edi. Farg‘ona viloyatida yashovchi 130 yoshli Xuvaydo Umarova (Toshmatova)ning 1895 yil 1 yanvarda tug‘ilgani sud orqali tasdiqlandi va u mamlakatdagi eng keksa inson sifatida qayd etildi.





