add

Yevroittifoq ilk bor Qozog‘istonga sanksiya joriy etishi mumkin

08.09.2025 | 16:3049903

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda Qozog‘istonni ayblab, unga qarshi ikkilamchi cheklovlar joriy etish masalasini muhokama qilmoqda.

Yevroittifoq ilk bor Qozog‘istonga sanksiya joriy etishi mumkin
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ilk marta Qozog‘istonga qarshi sanksiya kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror, agar qabul qilinsa, mamlakatning Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda vosita bo‘layotgani bilan izohlanadi. Xususan, Yevroittifoq statistikasiga ko‘ra, qator texnika va jihozlar Qozog‘iston orqali Rossiyaga qayta eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, yangi sanksiyalar paketi doirasida Xitoy kompaniyalari, neft va bank sektorlari, shuningdek Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga xizmat qiluvchi kimyoviy mahsulotlar eksportiga cheklovlar joriy etilishi mumkin. YeI va AQSH bu choralarni hamohanglikda amalga oshirishga intilayapti. Mazkur hafta YeI delegatsiyasi Vashingtonga tashrif buyurib, ushbu masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi. AQSH moliya vaziri Skott Bessent joriy yakshanba kuni NBC orqali bergan intervyusida: «Biz Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyormiz, ammo Yevropadagi sheriklarimiz ham shunday qilsagina bu samarali bo‘ladi», — dedi. Sanksiyalarning ehtimoliy tarkibiy qismi sifatida «Rosneft» va unga bog‘liq kompaniyalarga nisbatan amaldagi imtiyozlarni bekor qilish, jumladan Hindistonda joylashgan Nayara Energy kompaniyasiga nisbatan choralar ko‘rish ham muhokama qilinmoqda. Bu kompaniya Rossiya neft mahsulotlarini qayta ishlab eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, rossiyalik tankerlar va «soya floti»ga qarshi sanksiyalar, qayta sug‘urta qilishni taqiqlash va uchinchi mamlakatlardagi neft savdosi ishtirokchilariga nisbatan cheklovlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Qozog‘istonga qarshi cheklovlar amalga oshsa, bu Markaziy Osiyoda sanksiyalarning yangi bosqichi boshlanganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid

Yevroittifoq ilk bor Qozog‘istonga sanksiya joriy etishi mumkin | Vaqt.uz