add

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi barcha iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildi

28.05.2025 | 21:0023183

Yevropa Ittifoqi 2024 yil oxirida Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi siyosiy o‘zgarishlar tufayli Suriyaga qo‘yilgan iqtisodiy sanksiyalarni to‘liq bekor qildi. Bu qaror YeI tomonidan mamlakatdagi yangi siyosiy tuzumni qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida qabul qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi barcha iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildi
Yevroittifoq Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha iqtisodiy cheklovlar, jumladan, Suriya Markaziy banki va yana 23 ta tashkilotga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bekor qilindi. Faqat xavfsizlikka daxldor sohalardagi ayrim cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, bu qadam Suriya xalqini inklyuziv va tinch davlat qurish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas mazkur qarorni «tarixiy davrda to‘g‘ri tashabbus» sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI Suriyada barqaror siyosiy o‘tish jarayonini har tomonlama yordam bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad rejimiga aloqador shaxslar va tashkilotlarga nisbatan joriy etilgan shaxsiy sanksiyalarni 2026 yil 1 iyungacha uzaytirishga qaror qildi. Ushbu qaror AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan 13 may kuni berilgan bayonot ortidan e’lon qilindi. Unda Tramp Suriyaning yangi rahbariyatiga «buyuk bo‘lish imkoniyatini berish» maqsadida AQSH sanksiyalarini ham bekor qilishini ma’lum qilgandi. Asad rejimi dekabrda ag‘darilgan, yanvarda esa Ahmad al-Shar’a Suriyaning o‘tish davri prezidenti sifatida tan olingandi.

Teglar

Mavzuga oid

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi barcha iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildi | Vaqt.uz