
Yevropa Rossiya neft mahsulotlarini to‘liq taqiqlashga tayyorlanmoqda
11.06.2025 | 19:1527264
Yevrokomissiya Rossiya neftidan tayyorlangan mahsulotlarning Yevropa bozoriga «qora eshik» orqali kirib kelishini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Yangi sanksiyalar orqali bu oqimga chek qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketi doirasida yangi cheklovlar joriy qilishni rejalashtirmoqda. Ursula fon der Lyayen ma’lum qilishicha, ushbu choralar orasida Rossiya neftidan qayta ishlangan barcha neft mahsulotlarining importini taqiqlash ham bor.
Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri neft importi 2023 yil fevraldan beri taqiqlangan bo‘lsa-da, hozircha boshqa davlatlarda qayta ishlangan yoqilg‘i mahsulotlari orqali Rossiya neft mahsulotlari Yevropa bozoriga kirib kelmoqda. Masalan, Hindiston va Turkiyadan kelayotgan dizel yoki boshqa mahsulotlar asosan rossiya neftasiga tayanadi.
Ushbu orqa eshik usulini yopish uchun Yevrokomissiya nafaqat qayta ishlangan mahsulotlar importini cheklash, balki neft uchun narx chegarasini ham tushirishni taklif qilmoqda — har barreli uchun 60 dollar o‘rniga 45 dollar. Bu esa Rossiya eksport daromadlariga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda, Hindistondagi yirik neftni qayta ishlash zavodi — Nayara Energy’ning 49 foizi ulushi «Rosneft»ga tegishli. Turkiya esa qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lmagan holda ham Rossiyadan neft mahsulotlari olib, ularni Yevropaga eksport qilishni ancha kengaytirgan.
So‘nggi hisobotlarga ko‘ra, Turkiya 2023 yil boshidan 2024 yilgacha Rossiya neft mahsulotlarini 17,6 mlrd yevrogacha import qilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 105 foizga ko‘proq. Shu davrda uning Yevropa Ittifoqiga yoqilg‘i eksporti ham 107 foizga oshgan. Bu holat, tahlilchilar fikricha, sanksiyalarning samaradorligiga shubha tug‘diradi.
Yevropa bu galgi taqiq bilan orqa eshiklarni ham yopish niyatida. Lekin texnik va huquqiy murakkabliklar hamon muhim to‘siq bo‘lib qolmoqda.





