add

Yevropa Ukraina bo‘yicha muzokaralarda adolatli tinchlik zarurligini aytdi

Bugun 08:201002 daqiqa

Londonda o‘tgan uchrashuvda Yevropa yetakchilari Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari kerakligini ta’kidlab, tinchlik faqat Kiyev shartlari asosida muhokama qilinishi lozimligini bildirishdi.

Yevropa Ukraina bo‘yicha muzokaralarda adolatli tinchlik zarurligini aytdi

Yevropaning yetakchi davlatlari Londonda o‘tgan muzokaralarda Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlikka erishish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuvda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etdi. Yevropa rahbarlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini bildirib, muzokaralar bosqichini «tinchlik jarayonidagi hal qiluvchi palla» deb atadi.

Kiyr Starmerning ta’kidlashicha, Ukrainaga oid qarorlarning barchasini aynan Ukrainaning o‘zi qabul qilishi kerak. U tinchlik muzokaralarini jiddiy bosqich sifatida baholab, tinchlik faqat uzoq muddatli va adolatli bo‘lishi shartligini qayd etdi. Volodimir Zelenskiy Yevropa va AQSH birligi Ukraina uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytib, global sheriklar o‘rtasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish talab etilishini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti Yevropa tomonidan joriy etilgan so‘nggi sanksiyalardan sezilarli darajada jabr ko‘rmoqda. U Yevropa mamlakatlarining qo‘lida «ko‘zirlar borligini» ta’kidlab, Kiyevga ko‘rsatilayotgan siyosiy va iqtisodiy yordamning davom ettirilishini ta’kidladi.

Germaniya kansleri Mers esa Vashingtondan kelayotgan hujjatlardagi ayrim bandlarga shubha bilan yondashdi, ammo Ukraina taqdiri Yevropa taqdiri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgani uchun Berlin qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmasligini bildirdi.

Volodimir Zelenskiy muzokaralardan keyingi bayonotida AQSH Prezident Donald Trampning urushni tugatish bo‘yicha o‘z qarashlari borligini, ular Ukraina pozitsiyasidan farq qilishini aytdi.

Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, xavfsizlik kafolatlari faqat AQSH Kongressi tasdig‘ini olgandan keyin haqiqiy kuchga ega bo‘ladi. Zelenskiy shuningdek, AQSH va NATOning PURL dasturi bo‘yicha qurol-yaroq xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘ 2025 yil uchun 100 mln dollargacha qisqartirilganini, 2026 yil uchun esa 15 mlrd dollar zarur bo‘lishini ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti hech qanday holatda hududiy imtiyozlar evaziga xavfsizlik kafolatlari muhokama qilinmasligini qat’iy bildirdi. Uning aytishicha, Kushner va Uitkoff urushni to‘xtatish bo‘yicha ish olib bormoqda, ammo Kiyev uchun eng asosiy masala — tinchlik qanday shartlarda ta’minlanishi.

Zelenskiy AQSH qurol yetkazib berishni davom ettirishini, bu amerikaliklar manfaatlariga ham mos kelishini qo‘shimcha qildi.

Ukraina rahbari frontdagi vaziyat oson emasligini tan oldi, biroq hozircha dushman tomonidan ishg‘ol etilmagan hududlar uchun pessimistik qarash bildirmaslikni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasining muvaffaqiyatli ilgarilayotgani haqidagi tasavvur haddan tashqari bo‘rttirilgan, Ukraina mudofaa salohiyati esa hali ham yuqori darajada.

Teglar

Mavzuga oid