add

YI Venesuela suvereniteti va xalqini hurmat qilishga chaqirdi

05.01.2026 | 11:552 daqiqa

Yevropa Ittifoqi Venesuelada kechayotgan vaziyat xalqaro huquq va xalq irodasi asosida hal etilishi lozimligini bildirdi.

YI Venesuela suvereniteti va xalqini hurmat qilishga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi Venesuela atrofidagi so‘nggi voqealar yuzasidan rasmiy pozitsiyasini e’lon qilib, mamlakat suvereniteti va xalqaro huquq tamoyillariga qat’iy rioya etishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bayonotiga ko‘ra, inqirozni hal qilishda asosiy mezon Venesuela xalqining irodasi bo‘lishi kerak.

Bayonotda qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Nikolos Maduroni demokratik yo‘l bilan saylangan qonuniy prezident sifatida tan olmaydi. Shu bilan birga, Ittifoq Venesuelada demokratiyaga tinch yo‘l bilan o‘tishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bu jarayon faqat venesueliklarning o‘zlari tomonidan, mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat saqlangan holda amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangan.

Kaya Kallasga ko‘ra, hozirgi siyosiy inqirozni bartaraf etishning yagona barqaror yo‘li — Venesuela xalqining erkin xohish-irodasini hurmat qilishdir. Uning fikricha, tashqi bosim yoki harbiy aralashuv emas, balki siyosiy muloqot va tinch jarayonlar uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashi mumkin.

Bayonotda xalqaro huquq masalasiga alohida urg‘u berilgan. Kallas har qanday sharoitda xalqaro huquq normalariga rioya qilinishi shartligini ta’kidlab, AQSH BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida ushbu tamoyillarga amal qilishda alohida mas’uliyatga ega ekanini eslatgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi transmilliy uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash muhimligini tan olgan. Biroq bu kabi choralar faqat suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga to‘liq amal qilingan holdagina qonuniy va samarali bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Venesuelada o‘tish davridagi ma’muriy boshqaruvni Davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida amalga oshirishi haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid

YI Venesuela suvereniteti va xalqini hurmat qilishga chaqirdi | Vaqt.uz