
Yirtiq va eskirgan pul bilan ham narsa xarid qilish mumkinligini bilasizmi?
24.09.2025 | 23:0016366
Bozor yoki do‘konda pulingiz yirtilgani yoki eskirgani uchun sotuvchi uni qabul qilmagani kabi holatga duch kelgandirsiz? Buning qonuniy chora-tadbirlari belgilangan.

O‘zbekiston hududida yirtilgan, yamalgan, bo‘yoq tekkan va yarimta pullar bilan ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining «Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomani tasdiqlash haqida»dagi Qarorining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining banknot va tangalarini to‘lovga yaroqli ekanligini aniqlash mezonlari to‘g‘risidagi ilovasida nazarda tutilgan.
Quyidagi shikastlangan banknotlar tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish va bankka topshirish mumkin:
• har qanday qismida teshik yoki yirtilish bo‘lgan, qog‘ozi siyqalangan (ishqalanish oqibatida yupqalashib, yumshoq qog‘oz ko‘rinishiga kelib qolgan) hamda dog‘lari bo‘lgan va turli rasm va (yoki) yozuvlar yozilgan banknotlar;
• yirtilib bo‘laklarga ajralgan va yelimlangan pullar - agar pulning qismlari shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa;
• bo‘yoq moddalari yoki kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;
• banknotning ayrim qismiga (yoki qismlariga) yozilgan yozuvlar yoki bo‘yalgan (bo‘yoq to‘kilgan) joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmaydigan banknotlar;
• banknotning yirtilgan, teshilgan joyini diametri yoki yirtilib tushgan burchagi (qismi) 1 sm.dan oshmaydigan banknotlar;
• rangi keskin tarzda o‘zgarmagan banknotlar;
• «Davlat Belgisi» DICHB korxonalari tomonidan nuqsonli banknot va tangalar ishlab chiqarilganligi aniqlansa, bank hech qanday moneliksiz, Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlarida, ularni "muomalaga yaroqli" pullarga almashtirib olishlari mumkin;
• himoya belgilari mavjud bo‘lgan banknot bir nechta bo‘laklarga bo‘lingan bo‘lib, uning banknot umumiy hajmining 55 foizidan ortiq qismi mavjud bo‘lib, unda pulning seriyasi va tartib raqami qayd etilgan qismlari saqlanib qolmagan bo‘lsa ham bunday banknotlar «to‘lovga yaroqli» hisoblanadi.
Banknota quyidagi hollarda to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi:
• Banknot umumiy hajmining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan bo‘lsa;
• tegishli himoya belgilariga ega bo‘lmagan banknotlar ya’ni «qalbaki» pullar;
• banknotdagi uning nominal qiymatini aks ettiruvchi yozuv va raqamlarni o‘zgartirish orqali hosil qilingan «soxta» pullar ham «to‘lovga yaroqsiz» pullar hisoblanadi.
Naqd pullarning haqiqiyligini tekshirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Pullarning haqiqiyligini ushbu himoya elementlari orqali aniqlash mumkin:
• himoya ipidan. Misol uchun, 100 000 so‘mliklarda «3D» effektli himoya ipi o‘tkazilgan;
• barmoq uchlari bilan ushlab ko‘rilganda seziladigan bo‘rtib turuvchi tasvirlardan;
• ma’lum qiyalik burchagi ostida qaralganda, rangini o‘zgartiruvchi tasvirlardan (naqsh yoki raqam ko‘rinishida) payqaladi.





