add

«Yordam so‘raganni otib tashlang»: G‘azodagi insonparvarlik markazlari «ommaviy qatlgoh»larga aylanmoqda

04.07.2025 | 21:4022393

G‘azo sektorida gumanitar yordam olish uchun yig‘ilgan fuqarolar amerikaliklar rahbarlik qilayotgan jamg‘arma askarlari tomonidan o‘qqa tutilgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu holat xalqaro tashkilotlar o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

«Yordam so‘raganni otib tashlang»: G‘azodagi insonparvarlik markazlari «ommaviy qatlgoh»larga aylanmoqda
Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, G‘azo sektorida faoliyat yuritayotgan insonparvarlik jamg‘armasi xodimlari yordam so‘rab kelgan fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan. Agentlikda mavjud videolavhalarda yuzlab falastinliklarga o‘q uzilgani, ularni tarqatish uchun shovqinli granatalar ishlatilgani aniq ko‘riladi. Gumanitar jamg‘arma vakili fuqarolarga o‘q uzilganini rad etgan. Biroq, ushbu jamg‘arma faoliyati borasida xalqaro tashkilotlar tomonidan avvaldan xavotir bildirib kelingan. Ayniqsa, oxirgi paytlarda yordam taqsimlanadigan joylarning «ommaviy qatlgoh»larga aylanishi kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda urush olib borayotgan Isroil hukumati hududga oziq-ovqat, suv va dori vositalarining kirishini taqiqlagan. Shu bilan birga, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalarning an’anaviy yordam tizimi ham samarasiz holatga keltirilgan. Joriy yil may oyida AQSH ishtirokida yangi insonparvarlik markazlari tashkil etilgan edi. Ammo ularning faoliyati davomida fuqarolarning harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanmoqda. BMT hisobotiga ko‘ra, yordam shoxobchalarida hozirgacha 550 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Shuningdek, «Haaretz» gazetasi bir isroillik askarning iqrorini e’lon qilgan — u armiya rahbariyati fuqarolarga o‘q uzish buyrug‘ini rasman berganini aytgan. Bundan tashqari, «Defence for Children International» va «Doctors Against Genocide» tashkilotlari Isroilni G‘azo aholisini, ayniqsa bolalarni qasddan och qoldirish orqali ochlikdan qurol sifatida foydalanishda ayblagan. Ular xalqaro hamjamiyatni bu falokatga e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid