add

YTTlar uchun importdagi 5 ming dollarlik cheklov bekor qilindi

Bugun 12:152202 daqiqa

Hukumatning yangi qarori bilan tadbirkorlik faoliyatida byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirishga qaratildi. Jumladan, tadbirkorlar uchun 1600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilindi.

YTTlar uchun importdagi 5 ming dollarlik cheklov bekor qilindi

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 15-dekabrda qabul qilingan 791-sonli qarori bilan tadbirkorlik sohasidagi 1 600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilindi. Qaror tadbirkorlar faoliyatini yengillashtirish, ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish va biznes muhitini yanada erkinlashtirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar importida tovar qiymatiga qo‘yilgan 5 ming AQSH dollarlik cheklov bekor qilindi. Bu yangilik YTTlar uchun tashqi bozorlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirib, tovar aylanmasini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish, yog‘ochdan mebel tayyorlash bilan bog‘liq ayrim talablar ham o‘z kuchini yo‘qotdi.

Qaror doirasida veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish talabi bekor qilindi. Bundan tashqari, turizm xizmatlarini ko‘rsatishda faoliyatga xos bo‘lmagan cheklovlar ham olib tashlandi. Ushbu choralar tadbirkorlar uchun ma’muriy xarajatlar va vaqt sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ta’kidlanishicha, bu kabi katta hajmdagi majburiy talablarning bir vaqtda bekor qilinishi O‘zbekiston amaliyotida ilk bor kuzatilmoqda. Islohotlar natijasida tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlar soddalashib, biznes jarayonlarida shaffoflik va tezkorlik oshishi kutilmoqda.

Ayni paytda Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrida 36 mingdan ortiq talab mavjud. Adliya vazirligi tomonidan ushbu reyestr doimiy ravishda tahlil qilinib, tadbirkorlik faoliyatiga xalaqit beruvchi ortiqcha cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid