
Zaxiralar 2025 yilda qanday o‘zgardi?
Xalqaro zaxiralar 2025 yilda 66,3 mlrd dollarga chiqib, rekord qayd etildi. Ayni paytda bu qariyb 1,5 yillik importni moliyalashtirish uchun yetadi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2025 yilda rekord darajada ko‘tarildi. Yil boshida ularning miqdori 41,2 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 66,3 mlrd dollarga yetdi. Yillik o‘sish ko‘rsatkichi 60 foizdan ko‘proq.
Shu tariqa oltin-valuta zaxiralari yilni rekord darajada yakunladi. Bunga asosan 2025 yilda oltin narxlari tarixiy rekordlarni yangilagani sabab bo‘ldi.
Dekabr oyining o‘zida zaxiralar miqdori 5,1 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa, bunda oltin narxining o‘sishi ta’siri +2,9 mlrd dollarni tashkil qildi.

2025 yil davomida jahon oltin narxlari 70 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu oltin uchun so‘nggi 50 yildagi eng yaxshi ko‘rsatkichga aylandi.
Yil boshida qimmatbaho metallning global narxi unsiyada 2 650 dollar atrofida edi. Dekabrda 4 500 dollarlik marra kesib o‘tildi.
Xalqaro zaxiralar tarkibida 2025 yil oltin 32 mlrd dollardan 55 mlrd dollarga, xorijiy valyutadagi aktivlar 8,6 mlrd dollardan 10,6 mlrd dollarga ko‘paydi.
Qimmatli qog‘ozlar esa keskin oshib, 101 mln dollardan 1,5 mlrd dollarga ko‘tarildi. Markaziy bank qimmatli qog‘ozlarga investitsiyani 2024 yilning yozida, 35 mln dollar bilan boshlagan edi. Ularning tarkibi asosan AQSH davlat obligatsiyalari bilan shakllantirilgan.
O‘zbekiston zaxiralari 2025 yilning ikkinchi qismida tezroq ko‘paydi. Bunga sabab sifatida bu davrda oltin narxlari o‘sishi tezlashgani va oltin sotuvi kamroq amalga oshirilganini keltirish mumkin.
Oktyabr va noyabr oylarida O‘zbekiston umuman oltin eksportini amalga oshirmadi. Yil boshida ko‘proq oltin sotilgani sabab 11 oy yakuni bo‘yicha rekord darajadagi 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan.
So‘nggi yillarda o‘zgarish qanday?
2017 yilda O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamtarroq ko‘rinishda edi — 28 mlrd dollar.

So‘nggi yillarda faqat 2018 va 2023 yillarda zaxiralar kamaygan, qolgan yillarda o‘sish kuzatilgan.
2025 yil so‘nggiga kelib zaxiralarda 392 tonna oltin mavjud. 2022 yilda oltin zaxiralari 396 tonnagacha chiqib, rekordni qayd etgandi.
Taqqoslash uchun qo‘shni Qozog‘iston zaxiralarida 324 tonna, Qirg‘izistonnikida 40,7 tonna Tojikistonnikida 7,4 tonna oltin bor.
Ayni paytda O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari qariyb 1,5 yillik importni moliyalashtirish uchun yetadi. Jahon bo‘yicha bu borada 3 oylik ko‘rsatkich normal sifatida qaraladi. Ya’ni O‘zbekiston anchagina ishonchli zaxiralarga ega.
2026 yil oltin narxi qanday bo‘ladi?
Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonidan 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida.
Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 2026 yilda ham O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari o‘sishda davom etadi.
Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.





