
Zelenskiy: «Budapesht memorandumi barbod bo‘ldi. Yangi xavfsizlik arxitekturasi kerak»
24.09.2025 | 15:0047093
Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashida Budapesht memorandumining barbod bo‘lganini va Ukraina yangi xavfsizlik tizimi qurayotganini bildirdi.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashining yuqori darajadagi yig‘ilishida chiqish qilib, Budapesht memorandumining umidlarni oqlamaganini va u hech qanday amaliy mazmunga ega bo‘lmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina yadroviy quroldan voz kechishi evaziga xavfsizlik kafolatlarini olgan, ammo ular «bo‘sh so‘zlar»ga aylangan.
Zelenskiy Ukraina hozirda yetakchi davlatlar bilan hamkorlikda yangi xavfsizlik arxitekturasini yaratayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, bu jarayonda Buyuk Britaniya, Fransiya va 30 dan ortiq mamlakat ishtirok etmoqda, AQSHdan esa ishonchli qo‘llab-quvvatlash kutilyapti.
«Real xavfsizlik kafolatlari Rossiya yana qayta bosib o‘tolmaydigan chegaraga aylanishi shart», — dedi Ukraina rahbari. U shuningdek, Rossiyaning havodan hujumlariga qarshi qo‘shma mudofaa tizimi barpo etilsa, Moskva o‘z havo zarbalarini to‘xtatishga majbur bo‘lishini qayd etdi.
Zelenskiy bu masalani AQSH Prezidenti Donald Tramp va boshqa yetakchilar bilan muhokama qilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agar Rossiya havoda mag‘lub etilsa, u yerdagi urushni ham davom ettira olmaydi.
Prezident Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari — AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiyaga murojaat qilib, agressorga qarshi qat’iy chora ko‘rishga chaqirdi. «Rossiya bu urush bilan o‘zini xalqaro maydonda to‘liq diskreditatsiya qildi», — dedi u.





