Ziroat Mirziyoyeva SHHT sammiti doirasidagi madaniy tadbirlarda ishtirok etdi
O‘zbekiston Birinchi xonimi Bishkekda SHHT sammiti doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazma, milliy ovchilik an’analari namoyishi va konsert dasturida qatnashdi.
© Ziroat Mirziyoyeva Telegram sahifasiO‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va Xitoy Birinchi xonimlari bilan birgalikda Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida Birinchi xonimlar qirg‘iz xalqining amaliy bezak san’ati ustalari tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar namoyish etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Shuningdek, «Salbuurun» milliy federatsiyasi vakillari mehmonlarga qirg‘iz tayganlari va qo‘lga o‘rgatilgan burgutlarni namoyish qildi. Ular qadimiy ovchilik an’analari haqida ham ma’lumot berdilar.
Dastur yakunida «Enesay» qabul uyida yuqori martabali mehmonlar uchun Qirg‘iziston bolalar musiqa va raqs jamoalarining konserti namoyish etildi.





