add

Zomindagi dor yo‘li 215 mlrd so‘mga sotildi

Bugun 13:212 daqiqa

«Milliy bank»ka tegishli «Zomin Ropeway» kompaniyasining 100 foiz ulushini bir necha hafta oldin ochilgan «Ref Ropeway Invest» MCHJ sotib oldi.

Zomindagi dor yo‘li 215 mlrd so‘mga sotildi

Davlat banklari 2025 yil oxiridan boshlab turizm uchun amalga oshirilgan loyihalarini auksionda sotishni boshlagandi. Ular orasida mehmonxonalardan tortib, dor yo‘li va ko‘priklar kabi turistik obyektlar ham bor.

Dekabrda «Sanoatqurilishbank»ka tegishli «SQB Capital» Zomindagi mehmonxonasini 175 mlrd so‘mga auksionda sotgan edi. Sotilgan mehmonxona hududida «Wyndham» mehmonxonalar tarmog‘ining «Wyndham Gardens Zomin» mehmonxonasi faoliyat olib boradi.

photo_2026-01-19_13-32-33

«Milliy bank»ka qarashli «NBU Invest Group» ham «Zomin Ropeway» kompaniyasidagi 100 foiz davlat ulushini 215 mlrd so‘mga auksionda sotdi. G‘olib «Ref Ropeway Invest» MCHJ bo‘ldi.

Bu kompaniya rasman bir necha hafta oldin, 2025 yilning 30-dekabr kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Yagona ta’sischisi Feruza Boboyeva bo‘lib, u Sergelidagi avtomobillar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi «China Auto Motors» egasi ham hisoblanadi.

Auksion oldidan Zomindagi dor yo‘li uchun «Milliy bank»ning o‘zi o‘rnatilgan tartibda kredit ajratishi mumkinligi xabar qilingandi. Bunda 30 foiz boshlang‘ich to‘lov to‘lansa, qolgan 70 foiz uchun bank kredit taqdim qiladi.

«Ref Ropeway Invest» kompaniyasiga osma dor yo‘lining soz holatda bo‘lishi va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilinishi talabi qo‘yilgan.

photo_2026-01-19_13-24-11

Shuningdek, dor yo‘lining tuzilishi va undan xavfsiz foydalanish qoidalariga, dor yo‘liga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash reglamentiga qat’iy rioya qilinishi, ishga malakali xodimlarni jalb qilish bo‘yicha javobgarlik yuklangan.

Zomindagi dor yo‘li 2 102 metr uzunlikda bo‘lib, Shveysariyaning «Bartholet Maschinenbau AG» kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan. 

Obyekt ichida mijozlarni tashish uchun 36 ta kabina, 351 ta o‘rinli ko‘p qavatli avtoturargoh, 152 o‘rinli restoran, kafe, bolalar o‘yin maydonchasi va boshqa xizmatlar mavjud.


Teglar

Mavzuga oid