2025 yilda avtomobil transportida 7 mlrdga yaqin yo‘lovchi tashilgan
O‘tgan yili avtomobil transporti umumiy yo‘lovchi tashish hajmining qariyb 96 foizini tashkil etdi.

2025 yil davomida O‘zbekistonda avtomobil transporti orqali 6 mlrd 989 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich umumiy yo‘lovchi tashish hajmining 95,7 foizini tashkil etgani bilan soha yetakchi o‘rinni saqlab qolganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 5,2 foizga oshgan.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, soliq tizimiga ulangan 224 ta taksi agregatori orqali bir yilda 479 million marta yo‘lovchi tashilgan. Yo‘lovchi tashish xizmatlarining umumiy aylanmasi 9,6 trln so‘mni tashkil etgan.
Ushbu aylanmaning 6,7 trln so‘mi yoki 70,2 foizi naqd to‘lovlarga, 2,8 trln so‘mi esa naqdsiz to‘lovlarga to‘g‘ri kelgan. O‘rtacha bitta safar uchun chek miqdori 20 ming so‘mdan oshgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan o‘sgan bo‘lib, o‘sha yilda o‘rtacha chek 18,5 ming so‘m atrofida edi.


