Andijonda narkotik savdosi bilan shug‘ullanganlar qamaldi

Бугун 19:261 дақиқа

Qirg‘izistondan giyohvandlik vositalarini olib kirib, O‘zbekistonda tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolariga sud hukmi o‘qildi.

Andijonda narkotik savdosi bilan shug‘ullanganlar qamaldi © Videodan kadr

2025 yil avgust oyida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar va Bojxona idoralari hamkorligida Andijon viloyati Paxtaobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida harakatlanayotgan “Matiz” avtomashinasi to‘xtatilib tekshirilgan.

Natijada, 1984 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxsga tegishli qariyb 2 kilogramm “gashish” hamda elektron tarozi aniqlangan. Keyinchalik uning yashash manzili ko‘zdan kechirilib, yana 2 kilogrammdan ortiq “gashish” musodara qilingan.

Tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning yana 3 nafar a’zosi ushlangan. Ulardan jami 391 gramm “gashish” va 542 gramm marixuana ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergov materiallariga ko‘ra, guruhning boshqa a’zolari Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlardan “tovar”ni qabul qilish, uni chegara orqali o‘tkazish va belgilangan manzilga yetkazish vazifalarini bajarib kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur jinoiy guruh faoliyati davomida qariyb 10 kilogramm “gashish” moddasini noqonuniy aylanmaga kiritgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi hukmiga ko‘ra, guruh a’zolari Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topilib, 8 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

Теглар

Мавзуга оид