Logo

AQSH Kongressi quyi palatasi Rossiyaga yangi sanksiyalarni maqulladi

Maqullaganlar orasida 207 nafar demokrat, 18 nafar respublikachi va bir nafar mustaqil kongressmen bor. Tashabbus kuchga kirishi uchun uni AQSH Senati ma’qullashi kerak.

AQSH Kongressi quyi palatasi Rossiyaga yangi sanksiyalarni maqulladi

AQSH Kongressi Vakolatchilar palatasi Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish hamda Rossiyaga qarshi bosim choralarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi.

5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida 226 nafar kongressmen hujjatni qo‘llab-quvvatladi, 195 nafar deputat esa qarshi ovoz berdi. Qo‘llab-quvvatlovchilar safida asosan demokratlar bo‘lib, ularga bir qator respublikachilar ham qo‘shildi.

Qonun loyihasi Ukraina uchun moliyaviy va harbiy yordam mexanizmlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Hujjat kuchga kirishi uchun endi uni AQSH Senati ham ma’qullashi talab etiladi.

Ukrainaga qo‘shimcha yordam

Loyiha ilk bor aprel oyida muhokamaga kiritilgan bo‘lib, urushdan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, hujjat AQSH prezidentiga Ukraina va Sharqiy Yevropa davlatlariga kredit yoki ijara mexanizmlari orqali mudofaa texnikasi va harbiy mulk ajratish vakolatini qayta tiklaydi.

Qonun loyihasiga muvofiq, Pentagon 2027 yil oxirigacha Ukrainaga razvedka ma’lumotlari bilan yordam berish huquqini saqlab qoladi. Davlat departamenti esa Boltiqbo‘yi davlatlari qurolli kuchlari va chegara xavfsizligi imkoniyatlarini mustahkamlashga ko‘maklashishi kerak bo‘ladi.

Senat va Tramp omili

Hujjat Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Unga ko‘ra, AQSH prezidenti Rossiyaga aloqador jismoniy va yuridik shaxslar aktivlarini bloklash, eksport cheklovlarini kuchaytirish va yangi bojlar joriy etish huquqiga ega bo‘ladi.
Biroq tashabbusning keyingi taqdiri Senatdagi muhokamalarga bog‘liq. Agar yuqori palata ham hujjatni ma’qullasa, prezident Donald Tramp uni imzolash yoki veto qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2025 yil yanvarda Oq uyga qaytganidan keyin Ukrainaga yordam berish sur’atini sekinlashtirgan. Prezident bir necha bor sanksiyalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati ijro hokimiyatida qolishi kerakligini ta’kidlab kelgan.

Теглар

Мавзуга оид