Logo

AQSH Rossiya nefti xaridorlariga 100 foizlik boj joriy qilishi mumkin

AQSH Senatida Respublikachi va Demokratik partiya vakillari Rossiya hamda Eronga qarshi keskin sanksiyalar paketini kelishib oldi. Yangi qonun loyihasi Donald Trampga Rossiya tovarlariga 500 foizgacha, uning nefti va gazini sotib olayotgan mamlakatlarga 100 foizlik bojlar joriy etish vakolatini beradi.

AQSH Rossiya nefti xaridorlariga 100 foizlik boj joriy qilishi mumkin © happycoin.club

AQSH Senatida Respublikachi va Demokratik partiya vakillari Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, hujjat prezident Donald Trampga Rossiya energiya resurslarining eng yirik importchilariga qarshi qo‘shimcha cheklovlar joriy etish imkonini beradi.

Qonun loyihasining asosiy mualliflaridan biri yaqinda vafot etgan respublikachi senator Lindsi Grem bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, hujjat joriy haftadayoq Senat tomonidan ma’qullanishi mumkin. Biroq qonun darhol kuchga kirmaydi. Chunki Vakillar palatasi avgust ta’tiliga chiqqan va hujjat kamida sentabrgacha qabul qilinishi kutilmoqda.

500 foizlik boj

Qonun loyihasi prezidentga AQSHga import qilinadigan Rossiya tovarlariga 500 foizlik, shuningdek, Rossiya energiya resurslarining beshta eng yirik importchisiga hamda Rossiya nefti yoki tabiiy gazini sotib oluvchi yoxud sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam beruvchi davlatlarga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik boj joriy etish vakolatini beradi.

Yakuniy tahrirda ushbu vakolatlarning amal qilish muddati besh yil bilan cheklangan.

Hujjat, shuningdek, 1996 yilda qabul qilingan Eronga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunning amal qilish muddatini 2031 yilgacha uzaytirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga Eron bilan biznes qiluvchi xorijiy kompaniyalarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni ham o‘z ichiga oladi.

Xitoy va Hindiston

Yangi sanksiyalar tashabbusi AQSHning Xitoy va Hindiston bilan savdo munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu ikki davlat Rossiya energiya resurslarining eng yirik xaridorlari hisoblanadi.

«Bloomberg» qayd etishicha, ayrim demokratlar qonun loyihasini tanqid qilmoqda. Ular prezident Tramp ushbu hujjatdan keng ko‘lamli import bojlarini joriy etish uchun huquqiy asos sifatida foydalanishidan xavotir bildirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид