Ayollar bandligi uchun 25 trln so‘m, Toshkentning yangi mega-aeroporti va suv tanqisligiga qarshi 600 mlrd — 6-mart dayjesti

06.03.2026 | 23:102 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ayollar bandligi uchun 25 trln so‘m, Toshkentning yangi mega-aeroporti va suv tanqisligiga qarshi 600 mlrd — 6-mart dayjesti

Ayollar bandligi uchun 25 trln so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizni daromadli qilish va ularning 400 mingini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi. Prezident ma’lum qilishicha, ushbu maqsadlar uchun jami 25 trillion so‘mdan ortiq moliyaviy resurs ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 166 ming nafar ayol zamonaviy kasb va tadbirkorlikka o‘qitiladi, yana 100 ming nafari axborot texnologiyalari sohasida bilim oladi.

«Daromadli ayol» dasturi doirasida uy sharoitida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 50 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanadi. Shuningdek, «Hamroh» dasturi orqali ayollar tomonidan amalga oshirilayotgan 3 mingta loyihaga jami 1 trillion so‘m ajratiladi. Ta’lim sohasida esa ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki barobarga oshirilib, 4 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportining loyihasi Prezidentga taqdim qilindi

Toshkentda barpo etiladigan yangi xalqaro aeroport loyihasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Loyihaning birinchi bosqichida 208,4 ming kvadrat metrli yo‘lovchi terminali va uzunligi 4 kilometrdan bo‘lgan ikki uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan. Yangi infratuzilma poytaxtning aviatsiya imkoniyatlarini kengaytirib, Toshkentni xalqaro transport xabiga aylantirish strategiyasiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va soatiga 30 ta samolyotning uchishi hamda qo‘nishini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Unda 169 ta havo kemasi uchun turish joylari tashkil etiladi. Yangi aeroport O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1300 gektar maydonda xalqaro konsorsium ishtirokida barpo etiladi. Birinchi bosqich qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan aerovokzal va aerodrom qurilishini qamrab oladi.

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi uch kundan beri pasaymoqda

Markaziy bank 6-mart kuni amal qiladigan oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 5 gr oltin quyma narxi 10 394 000 so‘mgacha tushdi.

3-mart kuni oltin quymalari narxi rekord yangilab, 5 gr ko‘rinishidagi oltin quymalari birinchi marta 10 mln 864 ming so‘mga chiqqandi. Oxirgi uch kunlikda esa 5 gr oltin quyma narxi 470 000 so‘mgacha arzonladi.

Suv tanqisligining oldini olishga 600 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda 2026 yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish maqsadida 600 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Prezident qaroriga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 480 mlrd so‘mi kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga, 120 mlrd so‘mi esa suv tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarga yo‘naltiriladi. Shu doirada suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 km kanal rekonstruksiya qilinib, betonlashtiriladi.

Ushbu ishlar natijasida yiliga 206 mln kub metr suv va 26 mln kilovatt soat elektr energiyasini tejash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, 159 ming gektar sug‘oriladigan yerning suv ta’minoti yaxshilanib, kanallarning suv o‘tkazish quvvati 20 foizgacha oshishi va suvning dalalarga yetib borish vaqti 2–3 barobarga qisqarishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид