BAA guruhdan chiqqach, OPEK+ neft qazib olish hajmini oshiradi

Global bozordagi o‘zgarishlar fonida OPEK+ mamlakatlari neft taklifini bosqichma-bosqich oshirmoqda.

BAA guruhdan chiqqach, OPEK+ neft qazib olish hajmini oshiradi © Foto: Cresco Capital

OPEK+ga a’zo bo‘lgan yetti mamlakat, jumladan Qozog‘iston, iyun oyida neft qazib olish hajmini sutkasiga 188 ming barrelga oshirishga kelishib oldi, deb xabar berdi «Orda.kz».

Qarorni Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon qabul qilgan. 3-may kuni bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuv Birlashgan Arab Amirliklari alyansdan chiqqandan keyingi birinchi yig‘ilish bo‘ldi.

Qozog‘iston uchun kvota sutkasiga 1,599 million barrelni tashkil etadi. Bu so‘nggi oylardagi ketma-ket uchinchi ko‘paytirish hisoblanadi. Shu bilan birga, mamlakatlar bozor holatiga qarab hajmlarni qayta ko‘rib chiqish imkoni saqlab qolinayotganini ta’kidlagan.

Nega aynan hozir?

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, qarorning ikki asosiy sababi bor. Birinchisi – Yaqin Sharqdagi urush va yetkazib berishdagi cheklovlar bo‘lib, bu narxlarning o‘sishi hisobiga qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi. Ikkinchisi – BAA chiqib ketganiga qaramay, alyans barqaror ishlayapti degan signal berish.

28-aprel kuni BAA OPEK va OPEK+dan chiqishini e’lon qilgan edi. 1-maydan keyin OPEKda 11 a’zo qolgan, OPEK+ tarkibida esa Qozog‘istonni ham o‘z ichiga olgan qo‘shimcha ishlab chiqaruvchi davlatlar saqlanib qolgan.

Теглар

Мавзуга оид