Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratish tartibi belgilandi

Бугун 17:302 дақиқа

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini moslashtirgan ish beruvchilarga davlat tomonidan BHMning 40 baravarigacha subsidiya ajratiladi.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratish tartibi belgilandi © SI asosida yaratilgan

Adliya vazirligi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va ssudalar ajratish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjatga ko‘ra, bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlari uchun har bir xodimga 6 oy davomida har oy BHMning 4 baravari miqdorida subsidiya beriladi.

Ijtimoiy ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlash

Shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini belgilangan minimal ko‘rsatkichdan ortiq ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy mobaynida har oy BHMning 2 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan ish o‘rni uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya berilishi mumkin.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ish bilan ta’minlash

Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga, agar xodim 3 oydan ortiq ishlasa, bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida to‘lov ajratiladi.

Xalqaro va milliy sertifikatlar olish xarajatlari qoplanadi

2026 yil 1-iyuldan 2028 yil 1-yanvargacha o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro va milliy sertifikatlar olish xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi. Shuningdek, malakani baholash markazlari tashkil etgan tadbirkorlarga baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi subsidiya qilinadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga esa tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish, jihoz va asbob-uskuna sotib olish uchun 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Talabgorlar subsidiya va ssudalarni olish uchun my.gov.uz, «Yagona milliy mehnat tizimi» hamda «Online mahalla» elektron platformalari orqali murojaat qilishlari mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratish tartibi belgilandi | Vaqt.uz