Logo

«Biznes qoidalar tushunarli bo‘lgan joy tomon intiladi» — Saida Mirziyoyeva

Бугун 10:552 дақиқа

Administratsiya rahbari Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tadbirkorlarning muammolarini hal etish va aniq loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan amaliy mexanizm bo‘lishini ta’kidladi.

«Biznes qoidalar tushunarli bo‘lgan joy tomon intiladi» — Saida Mirziyoyeva © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Amerika-O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi kompaniyalarning muammolarini hal etishga xizmat qiladigan amaliy mexanizm bo‘lishini aytdi.

Uning aytishicha, tashabbusga Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida asos solingan. O‘zbekiston prezidenti yangi Kengash oldiga «Natija bo‘lsin!» degan aniq vazifani qo‘ygan.

«AQSH ma’muriyatining ham, bizning jamoamizning ham ish uslubi aynan shunday: kamroq so‘z, ko‘proq amaliy natija. Biz Amerika tomoniga shunchaki navbatdagi bir qo‘mita emas, balki amalda ishlaydigan mexanizm yaratishni va’da qilgan edik», — dedi Saida Mirziyoyeva.

U iyun oyida Toshkentga qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi vakillari kelganini, oradan to‘rt oy o‘tib esa AQSHdan yana 100 ga yaqin kompaniya tashrif buyurganini qayd etdi.

Investorlarga mas’ul biriktiriladi

Saida Mirziyoyeva biznes rivojlanishi uchun tushunarli qoidalar, ochiqlik va tezkor muloqot muhimligini qayd etdi.

«Biznes qoidalar tushunarli, eshiklar ochiq bo‘lgan va qo‘ng‘iroqlarga javob beriladigan joyga intiladi. Biz har doim go‘shakni ko‘taradiganlardan bo‘lishga harakat qilamiz», — dedi Prezident administratsiyasi rahbari.

Prezident administratsiyasi rahbari tadbirkorlarning takliflari asosida qoidalar qayta ko‘rib chiqilganini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston investitsiyalari AQSHda yangi ish o‘rinlarini yaratishga, Amerika mahsulotlarini xarid qilish esa u yerdagi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

«Halol sheriklik aynan shunday saqlab turiladi: har ikki tomon ham yutishi, manfaat ko‘rishi lozim», — deya ta’kidladi u.

Yangi kengash doirasida har bir ishtirokchi kompaniya aniq aloqa manziliga ega bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniyalar ko‘targan muammolar esa kengash hamraislarigacha yetkaziladi.

«Shu sababli bugun biz oddiy bir va’dani beramiz: bu yerda ishtirok etayotgan har bir kompaniya aniq aloqa manziliga ega bo‘ladi va siz ko‘targan har qanday muammo bevosita hamraislargacha yetib boradi», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Prezident administratsiyasi rahbari AQSH davlat kotibi Marko Rubio tomonidan «sovuq urush sarqiti» deb atalgan Jekson — Venik tuzatishining bekor qilinishini ham qo‘llab-quvvatladi.

«Biz sizning fikringizga qo‘shilamiz va uning o‘tmishda qolishidan faqat xursand bo‘lamiz. Bu ish amalga oshishi bilanoq, ushbu kengash ertasi kuni ertalabdanoq ishga kirishishga tayyor bo‘ladi», — dedi u.

So‘zining yakunida Saida Mirziyoyeva amerikalik biznes vakillarini mavjud imkoniyatlarni muhokama qilish bilan cheklanmasdan, amaliy harakatlarga o‘tishga chaqirdi.

«Bizga loyiha bilan kelasizmi yoki muammo bilanmi — ikkalasidan ham birdek mamnun bo‘lamiz», — deya ta’kidladi u.

Теглар

Мавзуга оид