Dushanbeda yoqilg‘i narxi oshdi

Бугун 18:052 дақиқа

Tojikiston poytaxtida benzin, dizel va gaz narxlari mart boshidan buyon sezilarli darajada qimmatladi.

Dushanbeda yoqilg‘i narxi oshdi © Foto: sputnik.tj

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi shoxobchalarda avtomobil yoqilg‘isi narxi joriy yil mart oyi boshidan buyon o‘rtacha 8–9 foizga oshgani kuzatildi. Bu haqda Tojikiston poytaxti neft mahsulotlari bozori monitoringi ma’lumotlari dalolat beradi.

Haydovchilar orasida eng ommabop bo‘lgan AI-92 benzini narxi litri uchun 9,5 somonidan 10,3 somonigacha (taxminan 12,2 ming so‘mdan 13,2 ming so‘mga) ko‘tarildi. Dizel yoqilg‘isi segmentida ham shunday dinamika qayd etildi: narx 10,4 somonidan 11,3 somonigacha (taxminan 13,4 ming so‘mdan 14,5 ming so‘mga) oshdi. Poytaxtda keng qo‘llaniladigan suyultirilgan gaz narxi esa 6 foizga o‘sib, litri uchun 5,3 somonidan 5,6 somonigacha (taxminan 6,8 mingdan 7,2 ming so‘mga) yetdi.

Narxlarda hududiy farqlanish kuzatilmoqda: Dushanbe markazida joylashgan AYQSHlarda ko‘rsatkichlar shahar chekka hududlariga nisbatan biroz yuqoriroq. Yoqilg‘i bozori vakillari chakana narxlarning oshishini ishlab chiqaruvchilarning otpusk narxlari ko‘tarilishi bilan izohlamoqda.

Neft importi

Tojikiston uchun asosiy tashqi neft mahsulotlari yetkazib beruvchi davlat Rossiya bo‘lib qolmoqda. Indikativ balansga ko‘ra, 2025-yilda Rossiyadan 1,2 million tonnadan ortiq imtiyozli neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz yetkazib berilgan, bu esa ushbu tovarlar importi umumiy hajmining 70 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Qo‘shimcha ravishda, kichik hajmlarda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston va boshqa bir qator davlatlardan ham yetkazib berish amalga oshirilmoqda.

Tojikiston statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida respublika 325 ming tonnadan ortiq neft mahsulotlarini 251 million dollardan ziyod summaga import qilgan. Import qiluvchilar uchun bir tonna yoqilg‘ining o‘rtacha narxi 772 dollarni tashkil etgan. 2025-yilning shu davriga nisbatan yetkazib berishning jismoniy hajmi 11,4 foizga, qiymati esa 8,6 foizga oshgan.

Boshqalarda vaziyat qanday?

Narxlar shakllanishining global konteksti geosiyosiy taranglik omillari bilan belgilanmoqda. Jahon axborot agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Eron atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyat «neft xomashyosi – qayta ishlash – chakana sotuv» zanjiriga ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning natijasida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yoqilg‘i narxlari oshgan, biroq bu ta’sir darajasi turlicha.

«Al Jazeera» keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta o‘sish Kambodjada (taxminan 70 foiz), Viyetnamda (50 foiz), Nigeriyada (35 foiz), Laosda (33 foiz) va Kanadada (28 foiz) qayd etilgan. Markaziy Osiyo davlatlarida esa mart–aprel oylarida nisbatan mo‘’tadil dinamika kuzatilib, narxlar 2–5 foizga oshgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkmanistonda umumjahon tendensiyasiga qaramasdan, chakana yoqilg‘i narxlari barqaror saqlangan. Ekspertlar bu holatni Rossiya ishlab chiqaruvchilari tomonidan barqaror narxlar saqlanishi va ayrim mamlakatlarda ichki ishlab chiqarish hajmlarining yetarliligi bilan izohlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид