Eng ko‘p nikohdan ajralishlar Toshkent shahrida qayd etildi
2026-yilning yarim yilida O‘zbekistonda nikohdan ajralishlar soni 24 815 tani tashkil etdi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda 2026 yil yanvar—iyun oylarida 24 815 ta nikohdan ajralish qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Statistikaga ko‘ra, har ming aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promilleni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sishni ko‘rsatadi.
Xususan, 2025-yilning birinchi yarmida mamlakatda 23 338 ta ajrim qayd etilgan bo‘lib, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 1,5 mingtaga ko‘paygan.
Shu bilan birga, yilning dastlabki olti oyida 92,3 mingta nikoh rasmiylashtirildi. Har ming aholiga nisbatan nikoh koeffitsiyenti 4,9 promilleni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3 mingtaga kamaygan.

Manba: Statistika qo‘mitasi
Hududlar bo‘yicha holat
Ajrimlarning 60,1 foizi shaharlarda (14,9 mingta), 39,9 foizi esa qishloq joylarda (9,9 mingta) qayd etilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p ajrimlar Toshkent shahrida — 3222 ta qayd etildi. Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (2676 ta), Samarqand viloyati (2608 ta), Andijon viloyati (2471 ta) va Toshkent viloyati (2334 ta) egalladi.
Eng kam ajrim esa Navoiy viloyatida — 673 ta kuzatildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 865 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1048 ta, Jizzax viloyatida 1072 ta va Xorazm viloyatida 1079 ta ajrim qayd etilgan.

Manba: Statistika qo‘mitasi
