Logo

Eron AQSH bilan kelishuvdan so‘ng neft eksportini qayta tikladi

Biroq, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi bo‘yicha tomonlar bir-biriga zid bayonotlar bermoqda.

Eron AQSH bilan kelishuvdan so‘ng neft eksportini qayta tikladi

Eron va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganidan so‘ng, Tehron so‘nggi ikki oy ichida birinchi marta dengiz orqali neft eksportini qayta tikladi. Bu haqda neftni tashish va saqlash jarayonlarini kuzatuvchi «TankerTrackers» sayti 17-iyun kuni ma’lum qildi.

«X» ijtimoiy tarmog‘idagi sun’iy yo‘ldosh suratlari va geolokatsiya ma’lumotlariga tayanib berilgan xabarga ko‘ra, bortida jami 3,8 million barrel (604 million litr) neft bo‘lgan Eronning «Diona» va «Hero2» supertankerlari AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining dengiz qamali hududini tark etgan. Keyinroq yana 1 million barrel xom neft ortilgan uchinchi tanker ham ushbu hududdan o‘tgani qayd etilgan.

Tinchlik shartnomasi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining taqdiri

Joriy yilning fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga bergan aviazarbalari oqibatida boshlangan mojaro 14-iyun kuni tomonlarning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvi bilan to‘xtatildi. Mazkur bitim butun mintaqada o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishni nazarda tutadi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington urush boshlanishi bilan Eron portlariga kiritgan qamalni 16-iyun kuni bekor qilgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Tehron va Vashington 60 kun ichida yakuniy tinchlik shartnomasini ishlab chiqishi lozim.

Shu bilan birga, asosan Eron tomonidan yopib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi bo‘yicha tomonlar bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu muhim dengiz yo‘li qayta ochilishini va kemalar o‘tishi uchun hech qanday to‘lov undirilmasligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «30 kun ichida» ochishini va undan o‘tadigan kemalardan to‘lov undirish niyatida ekanini ma’lum qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид