Eron hujumlari Fors ko‘rfazida: BAA, Bahrayn va Kuvaytda yong‘inlar
Eron hujumlari ortidan neft zavodlari va energetika obyektlarida yong‘inlar yuzaga keldi. Fors ko‘rfazidagi keskinlik ortib bormoqda.

Eron hujumi natijasida Birlashgan Arab Amirliklaridagi neft-kimyo korxonasida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Abu Dabi hukumati matbuot xizmati bugun, 5-aprel kuni xabar qildi. Gap «Borouge» kompaniyasi zavodi haqida bormoqda.
Abu Dabi ma’lumotiga ko‘ra, bir nechta yong‘inlarga havo hujumlari qaytarilganidan keyin yerga tushgan parchalar sabab bo‘lgan. Korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, mutaxassislar zararni baholamoqda. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Hodisadan bir oz oldin BAA Mudofaa vazirligi bir nechta Eron raketalari va dronlari ushlab qolinganini bildirgan edi. BAA Fors ko‘rfazi davlatlari orasida eng ko‘p Eron hujumlariga uchraydigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu hujumlar AQSH va Isroil zarbalariga javob sifatida amalga oshirilmoqda.
Bahrayn: neft infratuzilmasida yong‘inlar
Shu bilan birga, Bahrayn milliy neft-gaz kompaniyasi «Bapco Energies» Eron hujumi ortidan o‘z rezervuarlaridan birida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Yong‘in bartaraf etilgan, hozir zarar baholanmoqda, deb ta’kidladi Manama. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Shuningdek, «Gulf Petrochemical Industries» ham o‘z obyektlariga Eron dronlari hujum qilganini bildirdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarish obyektlarida yong‘inlar chiqqan, ammo ular o‘chirilgan. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Kuvayt: elektr stansiyalari va tuzsizlantirish inshootlari shikastlangan
Kuvayt hukumati ham Eronni infratuzilma obyektlariga hujum qilganlikda aybladi. Eron dronlari hujumi natijasida ikkita elektr stansiyasi va tuzsizlantirish inshootlari jiddiy shikastlangani haqida Kuvayt elektr energiyasi va suv vazirligi ma’lum qildi.
KUNA ma’lumotiga ko‘ra, yana bir dron moliya vazirligi binosiga urilgan va katta moddiy zarar yetkazgan. Bu holatda ham jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi
AQSH va Isroil 28-fevraldan buyon Eronga havo zarbalari bermoqda. Bu hujumlar natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy va bir qator yuqori lavozimli amaldorlar hamda kuch tizimlari vakillari halok bo‘lgani aytilmoqda.
Islom Respublikasi javob tariqasida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Tehron bayonotlariga ko‘ra, bu hujumlarning asosiy nishoni mintaqadagi Amerika harbiy bazalari hisoblanadi.
Eron zarbalari natijasida Fors ko‘rfazidagi ayrim mamlakatlarda neft omborlari va neft tankerlari ham shikastlangan. Shuningdek, Ozarboyjon va Kipr ham hujumlardan jabr ko‘rgan.
Donald Tramp kecha, 4-aprel kuni Islom Respublikasiga qo‘yilgan ultimatumni yana bir bor eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron 6-aprelgacha Vashington bilan «kelishuvga erishishi» yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilishi kerak. Aks holda, Eronga «butunlay halokat» kelishi mumkinligini aytdi.
Eron hukumati ushbu ultimatumni rad etdi.





