G‘azo uchun ajratilgan milliardlar
Tinchlik Kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirokchi davlatlar qator majburiyatlarni bo‘yniga oldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu borada tashabbuslarni ilgari surdi.
G‘azo. O‘zbekiston pul ajratadi, shifoxonalar quradi. Qozog‘iston esa qo‘shin yuborishga ham tayyor. 19-fevral kuni Tinchlik Kengashining birinchi yig‘ilishida qatnashgan Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari shunday tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu tadbirda qatnashish uchun Vashingtonga borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa yig‘ilish oldidan Amerika rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, yirik biznes loyihalari va bitimlar imzonashida qatnashishga ham ulgirdi.
Maqolada ana shu Tinchlik Kengashi ishtirokchilari bo‘yniga olgan majburiyatlar va prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi tafsilotlari haqida batafsil bilib olishingiz mumkin.
Tinchlik Kengashi
Dastlab Tinchlik Kengashining o‘zi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2026 yil 22-yanvarda Shveysariyaning Davos shahrida o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan. Uning tashabbuskori AQSH prezidenti Donald Tramp. Kengashga 60 ga yaqin davlatlar taklif qilingan, ammo AQSHning bir qator yaqin ittifoqchilari mazkur tuzilma Birlashgan Millatlar Tashkilotini chetlab o‘tishi mumkinligi haqidagi xavotirlar tufayli ishtirok etishga shoshilmadi yoki bundan bosh tortdi. Shuningdek, birinchi yil ichida 1 milliard dollar pul ajratgan davlatlarga doimiy a’zolik berilishi haqidagi xabarlar ham ko‘plab savollarni keltirib chiqardi.
Shunday qilib, 19-fevral kuni Donald Tramp nomidagi AQSH Tinchlik institutida yangi tuzilgan Tinchlik Kengashining ilk yig‘ilishini o‘tkazildi. Unda G‘azoni qayta tiklash rejalari bayon qilinib, moliyaviy majburiyatlar e’lon qilindi.
Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Tinchlik kengashiga 10 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi. G‘azo uchun rejalashtirilgan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari qo‘mondonligiga tayinlangan general Jasper Jeffers esa 5 davlat ushbu kuchlarga harbiy yuborishini bildirdi. Bular Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya. Misr va Iordaniya esa politsiyani tayyorlashga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari qo‘mondoniga Indoneziyadan o‘rinbosar tayinlanishi bildirildi.
Tramning aytishicha, to‘qqiz davlat G‘azo uchun umumiy 7 milliard dollardan ortiq yordam ajratishga va’da bergan. Bular orasida O‘zbekiston ham bor.
«Men quvonch bilan ma’lum qilamanki, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt barchasi yordam paketiga 7 milliard dollardan ortiq hissa qo‘shdi», – dedi Tramp.
Shunday qilib, AQSH chegarada tinchlikni ta’minlash uchun 10 milliard dollar ajratishini va’da qildi. Tinchlik kengashi uchun esa Birlashgan Arab Amirliklari 1,2 milliard dollar, Qatar, Quvayt va Saudiya Arabistoni 1 milliard dollardaн ajratishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa G‘azodagi maktablar, bolalar parvarishi muassasalari va shifoxonalarni qayta qurishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi
«G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Ta’kidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor», – dedi Mirziyoyev.
Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev esa Tinchlik kengashiga kechiktirmasdan salmoqli miqdorda pul ajratishga tayyorligini, shuningdek oziq-ovqat yordami paketi doirasida bug‘doy yetkazib berishga ham tayyor ekanini bildirdi.
Ruminiya favqulodda xizmatlar, maktablar hamda politsiya va adliya tizimi kabi muassasalarni qayta tiklashga, Turkiya sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini tiklash, politsiyani tayyorlash ishlariga hissa қўшишga va harbiy yuborishga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda
O‘zbekiston prezidentining AQSHga ishchi tashrifi Tinchlik Kengashidagi ishtirok bilan cheklangani yo‘q. Vashingtonda Shavkat Mirziyoyev AQSH savdo vaziri Govard Latnik va AQSH savdo vakili Jeymison Grir uchrashuvlar o‘tkazdi. Prezident AQSH tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, tashrif davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Shavkat Mirziyoyev AQSH biznesi vakillari bilan ham uchrashuvda so‘zga chiqib, investitsiya loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.
«Bugun birinchi marta muloqotga vazirlarimiz, bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlarimiz bu yerga ulanishdi, chunki sizning har bir so‘zingiz, har bir loyihangiz biz uchun juda muhim, u amalga oshirilishi uchun va O‘zbekistonda ishlashingiz uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz uchun.
Hozir strategik qarorlar qabul qilish uchun eng to‘g‘ri vaqt. Biz loyihaning barcha bosqichlarida oldindan aytib bo‘ladigan qoidalar, to‘liq qo‘llab-quvvatlash va kuzatib borishni ta’minlaymiz. Barcha vazirlar va hududlar rahbarlari loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi» – dedi prezident.
Aynan shu uchrashuvda e’lon qilindiki, AQSHning «Gulf» kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishni va aviatsiya sohasiga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Kramerning ma’lum qilishicha, «Gulf» O‘zbekistonda yaqin ikki yil ichida G‘arb standartlariga javob beradigan kamida 100 ta zamonaviy va qulay yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirishni niyat qilgan.
«Gulf» kompaniyasi butun Markaziy Osiyo bo‘yicha operatsion bazasini Toshkent shahrida joylashtiradi. Bu O‘zbekistonni mintaqaviy logistika va chakana savdo infratuzilmasining markaziga aylantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadami bo‘ladi», – dedi u.
Chakana savdo bilan bir qatorda, «Gulf» O‘zbekistondagi aviatsiya yo‘nalishiga ham sarmoya kiritmoqchi. «Gulf Aviation» orqali aviatsiya sektoriga qariyb 50 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi.
Umuman olganda, xalqaro ahamiyatga ega tadbirda O‘zbekiston pozitsiyasini namoyon qilish maqsadida qilingan tashrif mamlakat iqtisodiyoti va unga chet el sarmoyolari kiritilishidagi yutuqlar bilan boyidi.
Теглар






