Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni tikladi
Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi sababli yuzaga kelgan taqchillik xavfi tufayli Rossiya xomashyosini sotib olishni qayta boshladi.

Yil boshida Rossiyadan neft importini keskin kamaytirgan Hindiston, Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida xaridlarni yana oshirmoqda. «Bloomberg» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari Janubiy-Sharqiy Osiyoga yo‘naltirilgan Rossiya xomashyosi bo‘lgan kamida uchta tanker yo‘nalishini keskin o‘zgartirib, Hindiston portlari tomon yo‘l olgan.
Umumiy hisobda «Odune», «Matari» va «Indri» kemalari qariyb 2,16 mln barrel «Urals» markali neftini tashimoqda. «Odune» tankeri mamlakat sharqiy qirg‘og‘idagi Paradip portiga kirib bo‘ldi, «Matari» kemasi payshanba kuni Vadinar portida kutilmoqda, ilgari Singapur tomon harakatlanayotgani haqida xabar bergan «Indri» esa Hindiston tomon burildi. Ushbu uchta tanker Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidadir.
Avvalroq, Rossiyadan Hindistonga neft importi o‘tgan yozdagi sutkasiga 2 mln barreldan 2026 yilning fevralida 1,1 mln barrelgacha tushib ketgan edi. Tahlilchilar Vashington bosimi tufayli bu ko‘rsatkich yana 400–600 ming barrelgacha kamayishini prognoz qilishgan edi.
Fevral oyida prezident Donald Tramp bilan tuzilgan savdo kelishuvi doirasida Dehli Hindiston tovarlariga qo‘yilgan 25 foizlik bojning bekor qilinishi evaziga «Rosneft» va «Lukoyl»dan xaridlarni to‘xtatish majburiyatini olgan edi.
Biroq bo‘g‘ozida kemalar qatnovining to‘xtashi va bu yil Hindistonga neft eksporti bo‘yicha yetakchiga aylangan Saudiya Arabistonidan yetkazib berishdagi uzilishlar Dehlini strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, asosiy suv arteriyasining to‘silib qolishi Rossiya neftini mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash uchun deyarli yagona muqobil variantiga aylantirmoqda.
Shunga qaramay, Rossiyadan importning tiklanishi AQSH bilan savdo kelishuvlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Tramp administratsiyasi avvalroq yetkazib berishni nazorat qilish uchun maxsus panel tuzgan va Moskvadan xaridlar tiklangan taqdirda jarima bojlari zudlik bilan qayta tiklanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.





