Logo

Isroil nima uchun Eron va AQSH o‘rtasidagi sulhni buzmoqda?

Isroilning janubiy Livanga bostirib kirishi Tehron va Vashington o‘rtasidagi nozik sulhni yo‘qqa chiqarishi mumkin — ammo, aftidan, Netanyaxu aynan shuni xohlaydi.

Isroil nima uchun Eron va AQSH o‘rtasidagi sulhni buzmoqda? © Foto: aljazeera.com

Yoz boshlanishi bilan Yaqin Sharqdagi asosiy «qaynoq nuqta» Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan janubiy Livanga ko‘chdi. 1-iyun kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Bayrutning aholi eng zich joylashgan hududlaridan biri — Dahiyaga zarba berishga buyruq berdi.

Netanyaxuning aniqlik kiritishicha, Isroil Livan poytaxtiga aprel oyida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishiga, xususan, Isroil fuqarolik obyektlariga qilingan raketa va dron hujumlariga javoban zarba bermoqda.

«Bayrutdagi Dahiyaning Isroil shimolidagi aholi punktlaridan hech qanday farqi yo‘q — agar shimolda tinchlik bo‘lmasa, Bayrutda ham bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qildi Isroil mudofaa vaziri Israel Kats.

Shundan so‘ng darhol Livan poytaxtida vahima boshlandi: minglab odamlar bombardimon boshlanishidan oldin shaharni tark etish ilinjida ko‘chalar va trassalarga yopirildi. Dahiya aholisi hali 8-apreldagi Isroil zarbasidan o‘ziga kelib ulgurmagan edi — o‘shanda sanoqli daqiqalar ichida 360 dan ortiq odam halok bo‘lib, minglab kishilar yaralangandi.

Bundan tashqari, 31-may kuni Isroil armiyasi bundan 900 yildan ko‘proq vaqt muqaddam salbchilar tomonidan qurilgan Livandagi Bofor qal’asini egallab oldi. YUNESKO ushbu tarixiy obidani «Yaqin Sharqdagi eng yaxshi saqlanib qolgan o‘rta asr qal’alaridan biri» sifatida e’tirof etadi.

Mazkur qal’a Livan-Isroil chegarasidan 15 km uzoqlikda, Nabatiya shahri yaqinida joylashgan. «CNN» telekanalining qayd etishicha, Isroil qo‘shinlari kamida 2000-yildan beri Livan hududiga bu qadar ichkari kirib bormagan edi. Mudofaa vaziri Israel Katsning ma’lum qilishicha, Tel-Aviv Litani daryosi atrofini Isroil armiyasining xavfsizlik nazorati ostiga olishni rejalashtirmoqda.

Amalda bu 1978 yildan to 2006 yilgacha davom etgan janubiy Livandagi Isroil okkupatsiyasi qayta tiklanishini anglatishi mumkin.

Eron Livanning yonini oladimi?

Tehronning Isroil harakatlariga munosabati keskin, ammo mavhum bo‘ldi. Eron Markaziy qo‘mondonligi agar Netanyaxu Bayrut chekkalariga hujum qilsa, Isroil shimolidagi aholini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelishini e’lon qildi. Biroq bundan Eron Isroil shimoliga bevosita hujum qiladimi yoki yo‘qmi — shunisi noma’lumligicha qolmoqda.

Eronning yarim rasmiy «Tasnim» agentligi o‘z manbalariga tayanib, Tehron AQSH bilan aloqalarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana to‘sib qo‘yishga tayyor. Chunki mamlakat rahbariyati Livandagi vaziyatni Vashington bilan tuzilgan kelishuvlarning ajralmas qismi deb hisoblaydi. Agar «Tasnim» tarqatgan ma’lumotlar Eron rahbariyatining haqiqiy pozitsiyasini aks ettirsa, buning oqibatlari faqat Livan fronti bilan cheklanib qolmaydi.

Birinchidan, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning barbod bo‘lishi oylab davom etgan o‘zaro zarbalar va inqirozlardan so‘ng tomonlarni bog‘lab turgan sanoqli faol diplomatik kanallardan birini xavf ostida qoldiradi. Ikkinchidan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishi jahon energetika bozorlarida yangi beqarorlik to‘lqinini keltirib chiqarishi tayin. Dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz eksportining salkam 20 foizi aynan mazkur yo‘nalish orqali o‘tadi.

Rasmiy Tehron «Tasnim» nashrining xabarini hozircha tasdiqlamadi ham, inkor ham qilmadi. Biroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Livanda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish AQSH bilan bo‘ladigan har qanday kelishuv uchun «zaruriy shart» ekanini ehtiyotkorlik bilan ta’kidlab o‘tdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Amerika-Eron o‘rtasidagi kelishuvning birorta frontda buzilishi «barcha frontlardagi» qoidabuzarlik sifatida baholanadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 1-iyun kuni Eron muzokaralarni to‘xtatib qo‘ygani haqida unda hech qanday ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

«Ular [eronliklar] bu haqda bizga xabar berishgani yo‘q. Bu hamma joyga bomba tashlashni boshlaymiz, degani emas... Biz qamalni saqlab qolamiz», — deya qisqacha xulosa qildi Oq uy rahbari. Shuningdek, u muzokaralar davom etayotgani va tomonlar «juda yaxshi kelishuvga yaqin» ekanligini qo‘shimcha qildi.

Tramp Binyamin Netanyaxu bilan «juda samarali» telefon muloqoti o‘tkazganini ham aytib o‘tdi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, «Bayrutda hech qanday qo‘shin bo‘lmaydi va yo‘lga chiqqan barcha harbiylar allaqachon ortga qaytarilgan».

Siyosatchi «yuqori martabali vakillar» orqali «Hizbulloh» bilan ham «juda yaxshi suhbatlashganini» qo‘shimcha qildi. Trampning aytishicha, Livan guruhi ham o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan: «Isroil ularga, ular esa Isroilga hujum qilmaydi».

Tel-Aviv ham, «Hizbulloh» ham hozircha bu borada hech qanday rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Livan parlamenti rahbari Nabih Berrining yordamchisi Ali Hamdan «Axios» nashriga bergan intervyusida Bayrut sulhni barbod qilmaslik uchun Amerika shartlarini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, «Hizbulloh» Isroil bilan qarama-qarshilikda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor va bu shartning bajarilishini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Nabih Berri Livanning eng nufuzli shia siyosatchilaridan biri hisoblanadi va «Hizbulloh» bilan yaqin aloqalarga ega. Shunday bo‘lsa-da, AQSH va Isroil vakillari Berri guruh tomonidan ehtimoliy kelishuv shartlariga rioya etilishini to‘liq ta’minlay olishiga shubha bilan qaramoqda, deya qo‘shimcha qiladi «Axios».

Biroq nashrning tushuntirishicha, Livan va Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga erishgan taqdirda ham, bu Tel-Aviv arab davlatining janubidan o‘z harbiylarini olib chiqib ketishini anglatmaydi. Gap Isroilning janubiy Livandagi harbiy ishtirokini saqlab qolish niyati haqida bormoqda.

Ammo «Axios»ning boshqa bir manbasi aniqlik kiritishicha, Trampning va’dalariga qaramay, AQSH vakillari Binyamin Netanyaxu Vashington va Bayrutning joriy shartlariga rozi bo‘lishi dargumon ekanini Nabih Berriga allaqachon bildirib ulgurgan.

Vashington Isroilni to‘xtatishga tayyormi?

Oq uy Eron bilan ehtimoliy kelishuvni mintaqaviy miqyosdagi keng qamrovli urushning oldini olish va Fors ko‘rfazi atrofidagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. Shu sababli ham so‘nggi haftalarda Vashington Isroilning Livandagi harakatlarini jilovlashga urindi.

«Crisis Group» tashkilotining Iroq, Suriya va Livan masalalarini o‘rganish markazi direktori Xayko Vimmen «TRT» nashriga bergan intervyusida AQSH Netanyaxuni Livandagi eskalatsiyadan voz kechishga ko‘ndira olishi dargumonligini aytdi.

«Katta ehtimol bilan — yo‘q. Ammo bu yerda asosiy masala shundaki, AQSH Netanyaxuni bunga majburlash uchun qanchalik qattiq bosim o‘tkazishga tayyor?» — deya ta’kidladi ekspert.

Vashingtondagi Ko‘rfaz mamlakatlari instituti katta ilmiy xodimi Ali Alfonening fikricha, Tel-Aviv AQSH va Eron o‘rtasidagi sulhni yo‘qqa chiqarish maqsadida Livanning «Hizbulloh» harakatiga qarshi operatsiyalarini to‘xtatmaydi.

«Agar prezident Tramp Isroilni ehtimoliy oqibatlar bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lsa, bunga javoban bosh vazir Netanyaxu noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasini Isroil lobbisining qo‘llovidan mahrum qilish bilan tahdid qiladi», — deya qayd etdi sharqshunos olim.

Isroil siyosiy doiralaridagi CNN manbalari ham Oq uy Netanyaxu ma’muriyatidan vazminlikni talab qilib, unga bosim o‘tkazayotganini tan olmoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Tramp ma’muriyati bunga qadar ham Livandagi va boshqa yo‘nalishlardagi qator Isroil operatsiyalarini to‘xtatish yoki cheklashga urinib ko‘rgan.

Biroq, hozircha Vashington Isroilga nisbatan qattiq va keskin bosim o‘tkazishga tayyorligini ko‘rsatuvchi yaqqol belgilar yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, AQSHning g‘arblik ittifoqchilari tomonidan yangrayotgan bayonotlar tobora tanqidiy tus olmoqda. Ehtimol, aynan shu omil Tramp va Netanyaxuni o‘z fikridan qaytishga majbur qilar.

Xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil harakatlariga javoban 31-may kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi. Britaniya tashqi ishlar vaziri hamda Yevropa Ittifoqi rahbariyati esa Isroilni harbiy eskalatsiyani to‘xtatib, Livan suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi.

Теглар

Мавзуга оид