Logo

Kimdir vatan uchun qildi go‘yo jang, yana kimdir Ronalduga mahliyo

Бугун 15:405 дақиқа

O‘zbekiston milliy jamoasi ilk bor Jahon chempionatida qatnashib, musobaqani ochkosiz holda, guruh bosqichidayoq yakunladi va ortga qaytdi. Bu kutilmagan natija emasdir, ammo har qanday muxlis, jamoasi kuchli yo kuchsiz bo‘lishidan qat’i nazar, maydonda munosib kurash ko‘rishni xohlaydi.

O‘zbekiston milliy jamoasi ilk bor Jahon chempionatida qatnashib, musobaqani ochkosiz holda, guruh bosqichidayoq yakunladi va ortga qaytdi. Bu kutilmagan natija emasdir, ammo har qanday muxlis, jamoasi kuchli yo kuchsiz bo‘lishidan qat’i nazar, maydonda munosib kurash ko‘rishni xohlaydi. Jamoaviy o‘yinda tarkibdagi har bir futbolchining borini berishi muhimdir. 6–7 futbolchi maksimal darajada o‘ynab, qolganlari oxirigacha kurashmasa, shubhasiz, natija ham, shiddatli o‘yin ham bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Doston Hamdamov va Eron himoyachisi Ramin Rizoyanning turnirdan keyingi intervyulari o‘zaro qiyoslanib, qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Qatorasiga uchta mag‘lubiyatdan so‘ng Hamdamov ortiqcha afsuslarsiz shunday dedi:

«Portugaliya, Kolumbiya, Kongoga qarshi o‘yinlar esda qolarli bo‘ldi. Ayniqsa, Ronalduga qarshi o‘ynash orzuimiz edi va orzuimiz amalga oshganidan xursandmiz».

E’tibor bering, «orzuim» ham emas, «orzuimiz» deyapti. Demak, tarkibdagi ko‘plab futbolchilar mundialga Ronaldu va boshqa yulduzlarni yaqindan ko‘rish uchun borgan bo‘lib chiqmoqdami? Boshqa maqsad yo‘qmidi? Portugaliyaga qarshi bahsda futbolchilarimiz Ronalduga mahliyo bo‘lib, maydonda jang taklif qila olishmagani yaqqol ko‘ringandi. Taqqoslash uchun, 41 yoshli yulduz hujumchi bizga ikkita gol urdi, ammo qolgan ikki o‘yinda raqiblar unga deyarli imkoniyat qoldirishmadi. Biznikilardan farqli ravishda, Kolumbiya va Kongo futbolchilari diqqat-e’tibor (konsentratsiya)ni yo‘qotishmadi. Butun millat senga ko‘z tikib turganda, Ronalduga mahliyo bo‘lish va o‘yinning mas’uliyatini his qilmaslikni qanday tushunish mumkin? G‘urur qani? Milliy jamoa futbolchisi ham shunday intervyu beradimi?

Endi Rizoyanning intervyusiga e’tibor qaratamiz. Faoliyatida uchinchi bor mundialda qatnashayotgan 36 yoshli eronlik futbolchi Misr bilan durangdan so‘ng ko‘zda yosh bilan shunday dedi:

«Bugun nimagadir omadsiz kun bo‘ldi. Vaziyatlarimiz bor edi — ikki marta, uch marta, to‘rt marta, besh marta... Eronning sodda, ammo mag‘rur xalqi yuziga katta tanafsusdan so‘ng kulgu taqdim etmoqchi edik. Aslida eronliklar bundan ko‘prog‘iga loyiq. Bugun borimizni berdik. Ishoning, o‘lib ketishga tayyor holda «jang»ga kirdik. Musobaqaga qadar hech kimdan hech narsa so‘ramadik. Bizni kechiring. Faqat uzr so‘ray olaman, xolos. Bugungi holat uchun har bir futbolchi nomidan uzr so‘rayman...».

Bu fikrlar urush sabab jahon chempionatigacha deyarli 4 oy o‘yin amaliyotisiz qolgan, uzoq vaqt davomida turnirdagi ishtiroki so‘roq ostida bo‘lgan, ne-ne mashaqqatlar ila mundialga yetib kelgan, AQSH qabul qilishni xohlamagani uchun Meksikaga qo‘nishga majbur bo‘lgan jamoa o‘yinchisiga tegishli edi. U jamoasi bilan uchala o‘yinda ham chinakamiga jang qildi va mag‘lub bo‘lmay, uchta durang bilan alamli tarzda turnirni tark etdi.

Ammo forslar boshlarini baland tutishlari mumkin. «Eng qariya tarkib» deya masxara qilingan, faqat o‘yin kunlari AQSHga kirishiga ruxsat berilib, har gal o‘yin tugashi bilanoq Meksikaga qaytarib yuborilgan jamoa maydonda borini berdi. Vaziyatlardan foydalana olganida, so‘nggi o‘yinni bemalol yutishi ham mumkin edi. Forslarning maydondagi ishtiyoqini ko‘rib, «ular borini bermayapti» degan fikr zarracha ko‘ngildan o‘tmadi. Ular geosiyosiy raqib maydonidagi bahslarni mag‘lubiyatsiz, boshni tik tutgan holda yakunlashdi.

Ha, bu ikki intervyu hozir ijtimoiy tarmoqlarda faol taqqoslanmoqda. Milliy jamoaning qoniqarsiz ishtirokidan so‘ng shaxsiy orzular tilga olingani ko‘pchilikning g‘azabini keltirdi. Hamdamov o‘z orzusi amalga oshganini omma oldida mutlaqo noto‘g‘ri vaqtda gapirib qo‘ydi. Bu voqeadan so‘ng terma jamoa shtabiga matbuot bilan qanday ishlashni va o‘zini qanday tutishni o‘rgatadigan media-trener (yoki psixolog) qo‘shish kerakmikan, deb ham o‘ylab qolasiz. Millat sharafini himoya qilayotgan futbolchi qachon, qayerda va qanday gapirishni ham bilishi lozim. Aks holda, bunday intervyular orqali «kavushni to‘g‘rilab qo‘yishlar» va boshqalar oldida kulgiga qolishlar davom etaveradi.

Kannavaro hisobot bermaydi

Jahon chempionatidan so‘ng O‘FA rahbariyati va bosh murabbiy Fabio Kannavaroga nisbatan savollar yanada ko‘paydi. Odatda, bunday yirik turnirlardan keyin bosh murabbiy ishtirokida yakuniy matbuot anjumani tashkil etilishi kerak. Ammo italiyalik mutaxassis Championat.asia nashriga bergan intervyusida sentabrgacha O‘zbekistonga kelmasligini, oilasini sog‘inganini ta’kidladi. Milliy chempionatni 1,5 oy avval to‘xtatib qo‘yib, mundialga eng ko‘p tayyorgarlik ko‘rgan, ammo yakunda qoniqarsiz natija qayd etgan murabbiyning OAV vakillari bilan issig‘ida uchrashmasligi, o‘yinlardagi tushunarsiz qarorlariga izoh bermasligi aslo to‘g‘ri emas.

Uning sentabrda qaytmoqchiligi ham g‘alati. Chunki bizda iyul oyi o‘rtalaridan Superliga va kubok bahslari davom ettiriladi, avgustda esa Elit Osiyo Chempionlar Ligasi saralash o‘yinlari bor. Bosh murabbiy va uning shtabi shu o‘yinlarni stadionlardan turib kuzatmaydimi? Axir, Osiyo kubogiga ham ko‘p vaqt qolgani yo‘q. Chempionlikni maqsad qilgan jamoa ustozi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz tarkib bilan qit’ada tengsiz bo‘lmoqchimi?

Osiyo kubogida ham oson bo‘lmaydi. U yerda biz kabi mundialda qatnashgan va bizdan ancha yaxshiroq natija qayd etgan 7 ta jamoa bor. Braziliyaga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, so‘nggi daqiqadagi gol sabab yutqazgan Yaponiya terma jamoasi o‘yindan so‘ng muxlislaridan uzr so‘radi. Bosh murabbiy Hajime Moriyasu javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oldi va mag‘lubiyatdan xulosa chiqarib, keyingi turnirlarga kuchliroq bo‘lib qaytishlarini ta’kidladi.

Eronni-ku yuqorida aytdik — forslar mundial alamini Osiyo kubogida chiqarishga bor kuchi bilan harakat qilishadi. Guruhda 3 ochko to‘plab, keyingi bosqichga chiqa olmagan Janubiy Koreyada esa prezident topshirig‘i bilan jamoa ustidan tekshiruv ishlari boshlandi. Bosh murabbiy Hong Myong Bo mamlakatda eng ko‘p nafratga sazovor insonga aylandi, telekanallar uning yuzini xuddi jinoyatchilarniki kabi xiralashtirib (blyur qilib) ko‘rsatmoqda. Do‘konlar va restoranlar eshigiga uning ichkariga kirishi taqiqlangani haqida e’lonlar yopishtirib tashlangan.

Xullas, mundialdan so‘ng Osiyoning bir tomonida qoniqarsiz natija uchun uzr so‘ralmoqda va jiddiy hisob-kitob ishlari ketmoqda. Ikkinchi tomonida — bizda esa murabbiy hisobot berishdan qochib, vataniga jo‘nab ketmoqda.

Aytgancha, kecha tarmoqlarda Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so‘ng Janubiy Koreya milliy jamoasi bosh murabbiyi Hong Myong Bo mamlakatga qaytgach, aeroportda norozi muxlislar tomonidan haqoratlar bilan qarshi olingani aks etgan videolar tarqaldi. Muxlislar jamoaning natijalari va o‘yinidan qattiq norozi ekanini shu tarzda namoyon qilishdi. Biz bunday qilmoqchi emasdik. Bizda bunchalikka borilmaydi. Lekin Kannavaro xalqimizning bu bag‘rikenligi va hurmatiga katta hurmatsizlik ko‘rsatdi.

 

Теглар

Илёс Сафаров

Илёс СафаровМақолалар сони: 111

Барчаси

Мавзуга оид

Kimdir vatan uchun qildi go‘yo jang, yana kimdir Ronalduga mahliyo | Vaqt.uz