Logo

Kiyev urush taktikasini o‘zgartirdi: Ukraina Rossiyani chiroqsiz qoldirishi mumkin

Бугун 08:004 дақиқа

Hozirda Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga yoppasiga hujum qilish o‘rniga, energetika infratuzilmasining muhim tugunlarini nishonga olmoqda. Ularning ishdan chiqishi korxonalar, elektr tarmoqlari va yonilg‘i logistikasini uzoq vaqtga izdan chiqarishi mumkin.

Kiyev urush taktikasini o‘zgartirdi: Ukraina Rossiyani chiroqsiz qoldirishi mumkin

Ukrainaning Rossiya hududiga zarbalar berish bo‘yicha 40 kunlik kampaniyasi yakuniy bosqichga kirdi. Hozirda ma’lum bo‘lishicha, Kiyev bu orqali Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarini maksimal darajada ishdan chiqarishni ko‘zlagan. Aytish mumkinki, bu reja deyarli amalga oshdi.

29-iyul kuni Ukraina dronlari ikkita yirik neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) — Perm o‘lkasidagi «Lukoyl» hamda Ryazandagi zavodga zarba berdi. Har ikki obyektda yong‘in sodir bo‘ldi. «Reuters» agentligining xabar berishicha, Rossiyadagi uchinchi yirik NQIZ hisoblangan Ryazan zavodi 30-iyul oqshomida o‘z ishini to‘liq to‘xtatgan.

1

Iyul oyining boshida Ukraina dronlari Tyumen, Salavat, Sizran va Saratovdagi NQIZlarni ham ishdan chiqargan edi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning eng yirik 11 ta neftni qayta ishlash zavodining har biri kamida bir marta hujumga uchragan. Ukraina Bosh shtabi Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarining 42,7 foizi ishdan chiqqanini ta’kidlamoqda. Rossiya rasmiylari esa bu raqamni ochiq tasdiqlamayapti.

Biroq bu ham prezident Вolоdiмир Zelenskiy tomonidan 25-iyun kuni e’lon qilingan 40 kunlik kampaniyaning yakuniy nuqtasi emas. «Financial Times» (FT) nashrining yozishicha, Ukraina yetakchisi yangi bosh qo‘mondon Mixail Drapatiyga «chuqur zarbalar kampaniyasini kengaytirish va urushni maksimal darajada agressor hududiga ko‘chirish»ni topshirgan.

Shu sababli Kiyev asta-sekin neftni qayta ishlash zavodlariga yoppasiga hujum qilishdan voz kechmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, endi Ukraina Moskva uchun tiklash eng qiyin va qimmatga tushadigan muhim tugunlarga zarbalar berishga o‘tmoqda.

Kiyevning yangi taktikasi haqida nimalar ma’lum?

«FT» nashrining ukrainalik harbiylar orasidagi manbalari qayd etishicha, iyul oyining o‘rtalaridan boshlab hujumni rejalashtiruvchilar va dron operatorlari shunchaki zavodga o‘t qo‘yish yoki neft omborlarini vayron qilish bilan cheklanmayapti. Endi asosiy maqsad — korxonani uzoq vaqtga ishdan chiqarish va Moskvani har bir zarba uchun iloji boricha qimmatroq badal to‘lashga majbur qilishdir. Uzoq masofaga zarba beruvchi bo‘linma jangchilaridan biri jurnalistlarga har bir hujum oldindan puxta o‘ylanishi va muvofiqlashtirilishini aytdi.

Buni 25-iyul kuni Ukraina Qurolli kuchlari hujumiga uchragan Tyumen NQIZdagi vayronagarchiliklar ham tasdiqlaydi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz qurilma zarbasi oqibatida yiliga 2,6 million tonna quvvatga ega dizel yonilg‘isini gidrotozalash qurilmasi, shuningdek, yuqori oktanli benzin ishlab chiqaruvchi kombinatsiyalashgan uskuna yonib ketgan.

2

Yonib ketgan so‘nggi uskuna Amerikaning UOP (hozirgi Honeywell UOP) kompaniyasi litsenziyasi asosida qurilgan va 2018 yilda foydalanishga topshirilgan edi. «Yevromaydanpress» nashrining aniqlik kiritishicha, sanksiyalar sharoitida zavod rahbariyati UOP'dan ehtiyot qismlar va reaktorlarning ichki detallarini xarid qila olmaydi.

Bundan tashqari, riforming va gidrotozalash uchun zarar ko‘rgan katalizatorlar asosan G‘arb kompaniyalari (Honeywell UOP, Shell, Axens, Haldor Topsoe) tomonidan ishlab chiqariladi. Ularning o‘rniga Xitoy yoki Rossiya muqobillarini o‘rnatish esa butun jarayonni qayta sozlashni talab qiladi va mahsulot sifati pasayishiga olib kelishi mumkin.

3

Uzoq masofadagi nishonlarga zarba beruvchi dron operatorlari «FT» nashriga obyektlar batafsil texnik tahlil asosida tanlanishini ma’lum qildi. Bunda mutaxassislar logistika, parvoz yo‘nalishlari va umumiy operativ ustuvorliklarni hisobga oladi. Parvozdan oldin energetik muhandislar bo‘linmalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, qaysi tugunlarni tezda tiklab bo‘lmasligini tushuntirishadi.

Nashrning qayd etishicha, Kiyevga bunday aniqlikni ko‘p jihatdan sovet o‘tmishi ta’minlab bermoqda. Rossiya va Ukrainadagi energetika obyektlari bir xil loyihalar asosida qurilgan, shu bois ukrainalik muhandislar Rossiya zavodlarining zaif tomonlarini ipidan-ignasigacha bilishadi.

Moskva bunga qanday javob qaytaряпти?

Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi «FT» nashriga ma’lum qilishicha, neftni qayta ishlash zavodlariga berilayotgan zarbalar — yanada kengroq kampaniyaning bir qismi xolos. Harbiy qo‘mondonning ta’kidlashicha, asosiy maqsad — frontni moliyalashtirayotgan neft eksportidan tortib, qo‘shinlarni ta’minlayotgan logistikagacha, xullas, Rossiya armiyasini ushlab turgan barcha tarmoqlarni vayron qilishdir.

Ukrainalik harbiylar nafaqat neftni qayta ishlash zavodlarini, balki elektr uzatish podstansiyalarini ham nishonga olmoqda. Ya’ni, faqatgina neft sanoati emas, bevosita mamlakat elektr tarmoqlarining o‘zi ham allaqachon hujum xaritasiga kiritilgan.

Ukraina hujumlarini rejalashtirayotgan mutaxassislar mazkur yondashuvni «tizimli urush» deb atamoqda. Ular Rossiya energetikasiga alohida nishonlar yig‘indisi emas, balki yagona uzluksiz tarmoq sifatida qaramoqda. Gazeta suhbatdoshlarining tushuntirishicha, shu orqali muhim tugunlarni topish osonlashadi: bunday tugunlarga tashlangan nisbatan kichik portlovchi modda dronning oddiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasiga qaraganda ancha ko‘proq obyektlarni falaj qilib qo‘ya oladi.

4

Biroq Moskva ham Ukrainaga qarshi hujumlarda shunga o‘xshash taktikadan foydalanmoqda va birinchi navbatda butun mamlakat bo‘ylab FPV-dronlari ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik zavodlarni nishonga olmoqda.

Xususan, 30-iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi qo‘shinlar Kiyevdagi «Mayak» zavodiga zarba berganini ma’lum qildi. Vazirlikning da’vo qilishicha, mazkur zavod Ukrainaning FP-1 va FP-2 zarba beruvchi dronlarini ishlab chiqarishga jalb qilingan. Shuningdek, Kiyev elektrotexnika zavodi va Lvovdagi «LORTA» aviatsiya zavodi ham hujumga uchragan.

Rossiya so‘nggi ikki hafta ichida Ukrainaning dengiz terminallari va portlariga zarbalarni kuchaytirdi. 17 va 24-iyul kunlari Rossiya qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida Ukrainaning eng yirik uchta porti — Odessa, Nikolayev va Izmailga hujum qildi. Odessa aholisining «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, zarbalarning bu qadar jadalligi avval kuzatilmagan va havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar deyarli har tunda yangramoqda.

Теглар

Мавзуга оид