Ko‘proq dam, kamroq ish: Sun’iy intellekt ish haftasini 3 kungacha qisqartirishi mumkin
Texnoliderlar sun’iy intellekt kundalik vazifalarni o‘z zimmasiga olishi natijasida odamlar shaxsiy hayotiga ko‘proq vaqt ajratishi mumkinligini aytmoqda.
© weforumYaqin besh yil ichida an’anaviy besh kunlik ish haftasi o‘tmishga aylanishi va sun’iy intellekt joriy etilishi tufayli uch kungacha qisqarishi mumkin. Bu haqda «Zoom» kommunikatsiya platformasi bosh direktori Erik Yuan «Fortune» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Global korporatsiyalar rahbarlari raqamli yordamchilar yozishmalar va uchrashuvlar kabi kundalik vazifalarni to‘liq o‘z zimmasiga olishi, bu esa odamlarga shaxsiy hayot uchun ko‘proq vaqt ajratishini aytmoqda.
Ofis xodimlari o‘rniga raqamli klonlar
Erik Yuan ochiqchasiga besh kunlik ish haftasini yoqtirmasligini aytdi. Uning prognoziga ko‘ra, yaqin vaqt ichida an’anaviy ishlash rejimiga ehtiyoj umuman yo‘qolishi mumkin. Bunday o‘zgarishlarning asosiy drayveri sifatida «raqamli agentlar»ning ommaviy qo‘llanilishi ko‘rsatiladi. Kompaniya rahbari fikricha, SI algoritmlari mustaqil ravishda hisobotlar tayyorlaydi, ishbilarmonlik yozishmalarini olib boradi va hatto virtual uchrashuvlarda raqamli avatarlar orqali ishtirok eta oladi. Xodimlarga esa faqat strategik vazifalar va muhim qarorlar qabul qilish qoladi.
Uoll-strit va Kremniy vodiysi: bir ovozdan va’dalar
Ish haftasini qisqartirish g‘oyasini moliya va texnologiya sohasining yirik ishtirokchilari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. «JPMorgan Chase» banki bosh direktori Jeymi Daymon ham tezkor avtomatizatsiya tufayli kelajak avlodi 3,5 kunlik ish haftasiga o‘tishini bashorat qildi. Uning fikricha, bu hayot sifatini yaxshilab, xodimlarning asabiy holatini kamaytiradi.
Bankchilar bilan birga «OpenAI» rahbari Sem Altman ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Neyrotarmoqlar ishlab chiquvchilari yanada ilgarilab, yaqinda e’lon qilingan dasturiy hujjatda biznes va hukumatlarni hozirdanoq 32 soatlik (to‘rt kunlik) ish haftasiga o‘tish bo‘yicha pilot loyihalarni boshlashga chaqirdi. Bu yondashuv mehnat bozorini «Intellekt davri»ga moslashtirish va umumiy samaradorlikni saqlab qolish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.


