Logo

Kredit undirilganda kartada kamida 680 ming so‘m qoldirilishi mumkin

Бугун 18:022 дақиқа

Markaziy bank kredit yoki kafillik to‘lovlarini mijozning ruxsatisiz uning bank kartalaridan undirayotganda, hisobda kamida 680 ming so‘m saqlab qolishni taklif qilmoqda. Biroq kredit shartnomasida ko‘rsatilgan yoki mijozning o‘zi to‘lov uchun biriktirgan kartalar bu talabdan mustasno bo‘ladi.

Kredit undirilganda kartada kamida 680 ming so‘m qoldirilishi mumkin

Markaziy bank boshqaruvi bank xizmatlari iste’molchilari bilan ishlashda tijorat banklariga qo‘yiladigan minimal talablarning 35¹-bandiga qo‘shimcha kiritishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, banklarga kredit yoki kafillik to‘lovlarini mijozning topshirig‘isiz uning barcha bank karta hisobvaraqlaridan undirayotganda, ularda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmicha mablag‘ni saqlamasdan pul yechib olish taqiqlanadi.

O‘zbekistonda 1-sentabrdan MHTEKM 1 mln 360 ming so‘mni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, kartalarda saqlanishi kerak bo‘lgan mablag‘ hozirgi miqdor bo‘yicha 680 ming so‘mga teng bo‘ladi. MHTEKM o‘zgarsa, ushbu chegara ham unga mos ravishda o‘zgaradi.

Biroq cheklov barcha kartalarga bir xil tatbiq etilmaydi. Kredit shartnomasida rekvizitlari ko‘rsatilgan yoki mijoz bankning mobil ilovasi yoxud internet-banking tizimida to‘lovlarni undirish uchun biriktirgan kartalarga minimal qoldiq talabi qo‘llanmaydi.

Amalda yangi himoya, asosan, kredit uchun biriktirilmagan boshqa kartalardagi mablag‘ning to‘liq yechib olinishiga qarshi ishlaydi.

Taqqoslash uchun, UZCARD 2026 yil 15-apreldan akseptsiz yechib olishda kartada kamida uch BHM saqlanishini joriy qilgan. Hozirgi BHMdan kelib chiqilsa, bu 1 mln 320 ming so‘mni tashkil etadi — loyiha taklif qilayotgan minimumdan 640 ming so‘mga ko‘p.

Biroq qaror loyihasida UZCARD’ning amaldagi yuqoriroq chegarasi bekor qilinishi yoki kamaytirilishi ko‘rsatilmagan. Shu sabab hujjat qabul qilinishi UZCARD kartalaridagi minimal qoldiq avtomatik ravishda 680 ming so‘mga tushishini anglatmaydi.

Loyiha 14-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Hujjat qabul qilinsa, rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib kuchga kiradi.

Теглар

Мавзуга оид

Kredit undirilganda kartada kamida 680 ming so‘m qoldirilishi mumkin | Vaqt.uz