Markaziy Osiyoda sug‘orish suvi zaxiralari kam bo‘lishi mumkin

Markaziy Osiyoda Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv me’yordan kamligi sabab, kelgusi vegetatsiya mavsumida suv tanqisligi ehtimoli bor.

Markaziy Osiyoda sug‘orish suvi zaxiralari kam bo‘lishi mumkin

Markaziy Osiyo mamlakatlari kelgusi vegetatsiya mavsumiga o‘tgan yilga nisbatan ancha kam suv zaxirasi bilan kirib kelmoqda. Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining 92-yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv oqimi me’yordan past darajada qayd etilgan.

Amudaryo havza

Amudaryo havzasida mavsumlar oralig‘i kam suvli sharoitda o‘tgan. 11-fevral holatiga ko‘ra, daryo suvliligi me’yorga nisbatan 66,8 foizni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 101,8 foiz bo‘lib, daryo deyarli to‘liq hajmda oqqan edi.

Oqimning kamayishi Tuyamo‘yin suv omborida suv zaxiralarining qisqarishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. 2026 yil 10-fevral holatiga ko‘ra, omborda 4349 mln kub metr suv qayd etildi, bir yil oldin esa bu ko‘rsatkich 4959 mln kub metrni tashkil etgan.

Suv kamligi sababli daryoning quyi oqimida yuvish sug‘orish ishlari ham kech boshlangan. Joriy mavsumda bu ishlar 10-fevralda boshlangan bo‘lsa, o‘tgan yilda 15-dekabrdayoq start olgan edi.

Amudaryo suvidan foydalanishda davlatlar o‘rtasidagi taqsimot

Amudaryo suvidan foydalanishda davlatlar o‘rtasida belgilangan limitlar asosida taqsimot amalga oshirilgan.

Tojikiston 2073,4 mln kub metr suvdan foydalanib, o‘z limitini to‘liq o‘zlashtirdi.

Turkmaniston 3439,5 mln kub metr yoki ajratilgan hajmning 96 foizini ishlatdi.

O‘zbekiston esa 2600,4 mln kub metr suvdan foydalanib, limitning 75,3 foizini o‘zlashtirgan.

Shu davrda Amudaryo deltasi va Orol dengiziga 935 mln kub metr suv yo‘naltirildi. Rejaga ko‘ra bu hajm 1400 mln kub metr bo‘lishi kerak edi, ya’ni amalda kutilgan suvning taxminan uchdan ikki qismigina yetkazib berildi.

Sirdaryo havzasi

Sirdaryo havzasidagi suv vaziyati nisbatan barqaror saqlanmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy suv oqimining ko‘p yillik me’yori 11 782 mln kub metrni tashkil etadi. Joriy mavsum uchun prognoz 9 170 mln kub metr darajasida baholangan edi. Amalda esa havzaga 10 255 mln kub metr suv kelib tushdi. Bu prognozdan 1 085 mln kub metrga ko‘p bo‘lsa-da, umumiy me’yorning atigi 87 foiziga teng.

Yuqori suv omborlariga kelib tushgan oqim prognoz ko‘rsatkichlariga deyarli mos kelib, 3 591 mln kub metrni tashkil etdi. Shu bilan birga, yonlama oqimlar kutilgandan yuqori bo‘lib, havzadagi suv tanqisligini qisman yumshatishga xizmat qildi.

Mavsumlar oralig‘ida suv omborlaridan 15 536 mln kub metr suv chiqarildi. Bu kelishilgan jadvalning 99 foiziga teng. Mutaxassislar bunday ko‘rsatkich suv resurslarini taqsimlash rejasi asosan belgilangan tartibda amalga oshirilganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Hududiy taqsimot

Hududiy taqsimotga ko‘ra, davlatlarga suv yetkazib berish belgilangan limitlar doirasida amalga oshirildi. Umumiy limit 2 633 mln kub metr bo‘lgan bo‘lsa, amalda 2 155 mln kub metr suv yoki 82 foiz ishlatilgan.

Suv taqsimotida asosiy ulush O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Mamlakat 1 954 mln kub metr suvdan foydalangan.

Tojikiston esa ajratilgan 173 mln kub metr limitdan 35 mln kub metrni ishlatgan.

2026 yil 11-fevral holatiga ko‘ra, Norin–Sirdaryo kaskadi suv omborlaridagi umumiy suv zaxirasi 16 774 mln kub metrni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 511 mln kub metrga kam ekani qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид