«Microsoft» va «Starlink» strategik ittifoq tuzdi

25.02.2026 | 11:352 дақиқа

Ikki gigant texnologik kompaniya hamkorligi masofaviy hududlarda internet va bulut xizmatlarini kengaytirishni maqsad qilmoqda.

«Microsoft» va «Starlink» strategik ittifoq tuzdi

AQSHning dasturiy ta’minot giganti «Microsoft» aloqa yechimlarini takomillashtirish maqsadida Ilon Maskka tegishli «SpaceX» kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘i «Starlink» bilan strategik hamkorlik boshlaganini ma’lum qildi. Ushbu kelishuv doirasida «Starlink»ning sun’iy yo‘ldosh internet imkoniyatlari «Microsoft»ning bulutli xizmatlari bilan integratsiya qilinadi.

Loyiha, avvalo, xizmat yetarlicha qamrab olmagan yoki infratuzilmasi zaif hududlarda internet va bulutli hisoblash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu hamkorlik orqali «Microsoft Azure» platformasi, ayniqsa mudofaa va korporativ mijozlar uchun, «Starlink»ning global sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i bilan uyg‘un ishlaydi.

Integratsiya va imkoniyatlar

Kelishuv «Microsoft»ning global mijozlar bazasi uchun ma’lumot uzatish tezligi va ishonchliligini oshirishni ko‘zda tutadi. «Starlink»ning tobora kengayib borayotgan sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali bulut xizmatlari geografik jihatdan cheklangan hududlarda ham barqaror ishlatilishi mumkin bo‘ladi.

Bu ayniqsa strategik infratuzilmalar, davlat buyurtmalari va yuqori xavfsizlik talab etiladigan sektorlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ekspertlarning fikricha, sun’iy yo‘ldosh interneti va bulutli xizmatlar uyg‘unligi raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtiradi.

Boshqa yirik kelishuvlar

«Starlink» so‘nggi yillarda qator xalqaro hamkorliklar tuzdi. Aviatsiya sohasida «British Airways», «Flydubai» va «Hawaiian Airlines» bilan kelishuvlar imzolangan. Telekom infratuzilmasi bo‘yicha «EchoStar» bilan 17 mlrd dollarlik 5G spektr litsenziyalari xaridi bo‘yicha bitim amalga oshirilgan.

Hindiston bozorida «Reliance Jio» va «Bharti Airtel» bilan hamkorlik, Ukrainada esa «Kyivstar» bilan 2026 yil o‘rtalaridan urush hududlarida mobil aloqa xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuv e’tiborga molik.

Yangi hamkorlik «Microsoft» va «Starlink»ning global raqobatdagi pozitsiyasini mustahkamlab, raqamli infratuzilmalar bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.

Avvalroq «Starlink» sun’iy yo‘ldoshli interneti Tojikistonda ishlay boshlashi haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид