Logo

Milliardlab investitsiyalar, kambag‘allik va ishsizlikni nollashtirish: hokimlar prezidentga nima va’dalar berdi?

Бугун 20:3023 дақиқа

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida hokimlar prezidentga amalga oshirilgan ishlar va yil yakunigacha ko‘zlangan rejalar haqida hisobot berdi. Vaqt.uz ularning milliardlab investitsiyalar jalb qilish, kambag‘allik va ishsizlikni nollashtirish haqidagi va’dalarini jamladi.

Milliardlab investitsiyalar, kambag‘allik va ishsizlikni nollashtirish: hokimlar prezidentga nima va’dalar berdi?

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 25-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari so‘zga chiqib, qilingan ishlar yuzasidan hisobot va yil oxirigacha amalga oshiradigan rejalarini aytdi.

Ayrimlari milliardlab dollar investitsiya jalb qilishga va’da bergan bo‘lsa, boshqalari kambag‘allik va ishsizlikni tugatishi aytdi. Vaqt.uz hokimlarning va’dalarini bir nuqtaga jamladi.

Qoraqalpog‘istonda xorijiy investitsiyalar 500 barobarga oshgani aytildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay O‘rinbayev prezident Shavkat Mirziyoyevni Mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklar ekan, so‘nggi 10 yilda hududda tadbirkorlar soni 2,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar esa 500 barobarga oshganini aytdi.

«Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida mehringiz, yuqori e’tiboringiz natijasida so‘nggi 10 yilda tadbirkorlarimizning soni 2,5 barobarga ko‘paydi. Xorijiy investitsiyalar 500 barobarga o‘sdi», – dedi Amanbay O‘rinbayev.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev: «Mana shuni yana bir marta qaytar, 500 barobarni hamma xalq bilsin, Qoraqalpog‘istonda nima edi-yu, nima bo‘ldik».

O‘rinbayevning aytishicha, avvallari Qoraqalpog‘istonga investor kelishining o‘zi katta voqea sifatida qabul qilingan bo‘lsa, hozir investitsiyaning hajmi bilan birga uning sifatiga ham e’tibor qaratish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Hududda raqamlashtirish va yashil iqtisodiyot yo‘nalishida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonning barcha hududini mayning zonaga aylantirish belgilangan.

«Qoraqalpog‘istonning barcha hududini, butkul hududini mayning zonaga aylantirish bo‘yicha maxsus qaror qabul qilib berdingiz. Shuning natijasida 5 milliard 110 million dollarlik uchta mayning ham uchta data-markaz qurilishi amalga oshirilmoqda», — dedi Amanbay O‘rinbayev.

Shuningdek, «ACWA Power» kompaniyasi bilan 3 milliard 300 million dollarlik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. O‘tgan yili 170 million dollarlik «Nukus-1» loyihasi ishga tushirilgan bo‘lsa, 25-avgust kuni 260 million dollarlik «Nukus-2» shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.

Nutqda «Aral» futbol jamoasi haqida ham so‘z bordi. O‘rinbayev prezidentning bir necha yil avval Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida aytgan gaplarini eslatdi.

«Bundan bir necha yil oldin Qoraqalpog‘istonga kelganingizda, “Aral” futbol komandamiz qachonlardir vaqti kelib oliy ligada ishtirok etsa, o‘zim ushbu futbol komandaning eng faol muxlisi bo‘laman, degan edingiz», — dedi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi.

Uning aytishicha, prezident topshirig‘i bilan jamoa va futbol akademiyasi uchun zamonaviy bino qurilgan, jamoaga avtobuslar berilgan hamda homiylik masalasi hal qilingan.

Shu tariqa, Qoraqalpog‘iston rahbari nutqida yangi va’dalardan ko‘ra, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va amalga oshirilayotgan milliard dollarlik loyihalarga ko‘proq urg‘u berdi.

Andijon hokimi: «Ishontirib aytaman, bu yil nisbatan 5–10 barobar rivojlanadigan tizim bo‘ladi»

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yil boshida prezident oldida 3,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasini olganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yarim yil davomida 2,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 18,5 mingta ish o‘rni yaratilgan.

«Xorijiy investitsiyaning o‘zi 3,5 milliard, sizning oldingizda reja olganman, hurmatli prezident. Buning tagida, albatta, ish o‘rinlari, soliq tushumlari, vatanimizni, Andijonimizni rivojlanishini ko‘zda tutilgan loyihalar».

Hokimning aytishicha, hududda import o‘rnini bosadigan loyihalarga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 17 ta loyiha doirasida 4,4 trillion so‘mlik investitsiya va 6,6 mingta yangi ish o‘rni ko‘zda tutilgan.

Abdurahmonov bu loyihalar orasida ta’lim, tibbiyot va logistika sohalaridagi yangi obyektlarni sanab o‘tdi. Jumladan, Andijon xalqaro universiteti va ta’lim klasteri 30 million dollar evaziga qurib bitkazilgan. Klaster tarkibiga bog‘cha, maktab va universitet kiradi.

«Loyihalarning sifatiga keladigan bo‘lsak, men qatnashayetgan joyimiz ham Andijon xalqaro universiteti, ta’lim klasteri: bog‘chasi, maktabi, universiteti. 30 million dollar evaziga mana qurib bitkazildi. Bu bitta loyihamiz.

Qolaversa, mana Amerikaga borgin deganingizda biz kelishuvlarga erishib kelgandik. Bugun mana Oltinko‘l tumanida 6,5 mln dollar hisobiga xalqaro Amerika maktabi, Andijon shahrida 15 mln dollar evaziga Amerika ortopedik davolash maskani yoki Marhamat tumanida 12 mln dollarga ikkita 600 o‘rinli logistika markazi», – dedi Andijon hokimi.

Hokimning aytishicha, ushbu loyihalarning barchasi zamonaviy yo‘nalishlarga qaratilgan bo‘lib, ular prezident ishtirokidagi tadbirda foydalanishga topshirilgan.

«Umuman aytganda, hammasi aytgan zamonaviy-zamonaviy loyihalar bugun, hurmatli prezident, sizning ishtirokingizda bugun mana ruxsat bersangiz, ochamiz. Hamma joyda bizning xalqimiz buni xursandchilik bilan kutyapti».

Abdurahmonov yil davomida viloyatning qishloq va mahallalarida ham katta ishlar amalga oshirilganini aytdi. Nutq yakunida esa Andijonning kelgusi rivojlanishi bo‘yicha eng katta va’dasini berdi.

«Men sizni ishontirib aytaman, hurmatli prezident, bu yilgi rivojlanishimizga nisbatan 5–10 barobar rivojlanadigan tizim bo‘ladi».

Buxoro hokimi: «Buxoroda yil yakunigacha kambag‘allik, ishsizlik bo‘lmaydi»

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov nutqida viloyatning so‘nggi yillardagi rivojlanishiga alohida to‘xtaldi.

«Ruxsat bersangiz, mana ozgina iqtisodiy raqamlarga to‘xtalsam, Buxoroni mana bizning bu yerda tarixchilar, oqsoqollar o‘tiribdi, Buxoroning 2,5 ming yillik tarixini ko‘targanda ham bugungi kundagidek rivojlanish bo‘lmagan», — dedi viloyat hokimi.

Zaripov, shuningdek, tarixiy obidalarni saqlash va qayta tiklash uchun ajratilgan mablag‘larni ham tilga oldi.

«Tarixiy obidalarni tiklash uchun mablag‘larni ajratganligingiz, mana shu Mir Arab, Ark, Minorai Kalon kabi xalqimizning durdonalarini saqlash bo‘yicha mablag‘larni ajratib, bugungi kunda butun dunyo lol qolyapti. Chet ellardan kelgan sayyohlar ham mana shularning qayta restavratsiya bo‘lib, tiklanganligini ko‘rib hayron qolishyapti», — deydi hokim.

Hokimning nutqidagi eng katta va’da esa kambag‘allik va ishsizlikni tugatish bo‘ldi. Zaripovning aytishicha, viloyat yalpi hududiy mahsulotini 10 foizga oshirish bo‘yicha majburiyat olingan. Buning uchun 12 trillion so‘mlik kredit resurslari ajratilgan.

«Men tan olib aytaman faqat biz hokimlar boshchiligida pastga tushib, kambag‘allik va ishsizlikni nol qilish bo‘yicha siz yaratib bergan imkoniyat, imtiyoz, sharoitlardan foydalanib, bemalol imkoniyati bor. Buxoroda yil yakunigacha kambag‘allik, ishsizlik bo‘lmaydi», — deya va’da berdi Buxoro viloyati hokimi.

Davlat rahbari bu va’dani «juda katta marra» deb atadi. U Buxorodagi suv va yo‘l muammolarini hal qilish uchun avval katta mablag‘ ajratilganini eslatdi.

Zaripov viloyatda tadbirkorlar ham ijtimoiy va infratuzilma loyihalarida faol qatnashayotganini aytdi. U bunga Buxoro tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasi va Jo‘yzar kanalini misol qilib keltirdi.

«Ikkita holatni aytaman: sizning islohotlaringiz natijasida hozir shunday tadbirkorlar paydo bo‘lyaptiki, Buxoro tumanida eng og‘ir maktabgacha ta’lim muassasasini noldan yakunlab, bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida homiylik, o‘zining mablag‘i bilan foydalanishga topshirdi. Yoki bir asrdan buyon tozalanmagan kanal, Jo‘yzar kanalimiz 10 kilometri betonlashtirildi, bugun minglab gektar yerlar, minglab xonadonlar suv bilan bahramand bo‘lyapti».

Zaripov nutqi yakunida buxoroliklar prezident tomonidan qo‘yilgan barcha vazifalarni bajarishi va ishonchni oqlashiga va’da berdi.

«Buxoroliklar, men bosh, hammasi siz qo‘ygan vazifalarni bajaramiz, sizning ishonchingizni oqlaymiz», — dedi hokim Botir Zaripov.

Jizzax hokimi: «Jizzax boshqa viloyatlarni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan viloyatga aylandi»

Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning aytishicha, viloyat so‘nggi 10 yilda qishloq xo‘jaligiga asoslangan hududdan sanoatlashgan viloyatga aylangan. Bunda avtomobilsozlik, energetika va elektrotexnika sanoatiga alohida e’tibor qaratilgan.

«Hurmatli prezident, o‘zingiz Jizzaxni yaxshi bilasiz, 10 yil oldin Jizzax bu qishloq xo‘jaligiga asoslangan edi. Mana sizning tashabbusingiz bilan qishloq xo‘jaligidan sanoatlashgan viloyatga aylandi. Birinchi sanoatimiz, mana xabaringiz bor, o‘zingiz qilib bergan avtomobilsozlik bo‘lsa, hurmatli prezident, ikkinchisi mana energetika sohasi», — deydi viloyat hokimi.

Hokim viloyatda elektrotexnika korxonasi, quyosh panellari va gaz-bug‘ stansiyasi loyihalari amalga oshirilayotganini aytdi.

«Mana quyosh paneli, gaz-bug‘ stansiyasini ochilishini ham tayyorlayapmiz. Buni ham ochib, Jizzax viloyati elektr energiyani eksport qiladigan, ya’ni boshqa viloyatlarni ta’minlaydigan viloyatga aylandi», — deydi hokim.

Mustafoyev, shuningdek, ta’lim sohasidagi natijalarni ham keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil Jizzaxdagi maktab bitiruvchilarining 40 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Xususiy va boshqa oliy ta’lim muassasalarini ham hisobga olganda, bu ko‘rsatkichni 51–52 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Nutqdagi asosiy va’dalardan biri investitsiyalar bilan bog‘liq bo‘ldi. Jizzax viloyati yil yakuniga qadar 2,7 milliard dollar investitsiya jalb qilishni rejalashtirgan.

«Shuni mana oqsoqollar, bayram munosabati bilan, mana oqsoqollarni ko‘ryapman, men ishlagan payti ikki so‘m qilolmasdik. 2 milliarddan ko‘p investitsiya bo‘ladi deb birov ishonarmi Jizzaxda shunday?» — dedi davlat rahbari.

Hokimning aytishicha, avvallari viloyatda hatto oyliklarni to‘lash uchun mablag‘ yetishmagan paytlar bo‘lgan.

Nutq yakunida Ulug‘bek Mustafoyev prezident belgilagan vazifalarni amalga oshirish va qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun viloyat rahbariyati kecha-yu kunduz ishlashga tayyorligini aytdi.

«Mana shu olib borayotgan xalqchil siyosatni biz hokimlar joyida, siz ko‘rsatgan yo‘lda to‘g‘ri amalga oshirsak, o‘ylaymanki, sizning qo‘ygan hamma oliy maqsadlaringizga erishishda biz kecha-yu kunduz ishlashga tayyormiz», — dedi Jizzax viloyati hokimi.

Qashqadaryo hokimi: «O‘tgan yilgi paxtadan, bu yilgi g‘alladan birorta fermer bir so‘m qarz emas»

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov so‘nggi 10 yilda viloyatda ichimlik suvi, maktabgacha va oliy ta’lim qamrovi sezilarli oshganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 yil avval Qashqadaryoda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik 11 foiz, bog‘cha qamrovi 13 foiz, oliy ta’lim qamrovi esa 8 foizni tashkil qilgan. Hozir bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 62, 75 va 54 foizga yetgan.

Hokimning aytishicha, viloyatda yalpi ichki mahsulotning 70 foizi tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Eksport va investitsiya hajmi ham oshib bormoqda.

Qashqadaryoning asosiy va’dasi esa yil yakunigacha 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish bo‘ldi.

«Mana yil yakuni bo‘yicha 3,5 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilamiz. Bu bosqichma-bosqich belgilangan muddatda amalga oshirilyapti, muhtaram prezident. Birgina joriy yilda 16 trillion mablag‘ Qashqadaryoga kirib kelyapti», — dedi Qashqadaryo hokimi.

Azimov mustaqillikning 35 yilligi arafasida viloyatning 16 ta tuman va shahrida jami 35 ta obyekt hamda yuzlab boshqa loyihalar foydalanishga topshirilayotganini ham aytdi.

Shuningdek, hokim qishloq xo‘jaligidagi holatga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi paxta va bu yilgi g‘alladan fermerlarning qarzi qolmagan, ular imtiyozli kreditlarni qaytarib, qishloqdagi asosiy iqtisodiy kuchlardan biriga aylangan.

«O‘tgan yilgi paxtadan, bu yilgi g‘alladan birorta fermer bir so‘m qarz emas. Olgan imtiyozli kreditlarni qaytarib, eng boy odam bugun qishloqdagi eng yaxshi yashayotgan ham, eng yaxshi mashinani minib yurgan ham bugun fermer bo‘lib, butun harakatlanuvchi kuchga aylanib qoldi», — dedi viloyat hokimi.

Navoiy hokimi: «Viloyatda boshqa hududlardan kelgan 50 mingdan ortiq odam ishlayapti»

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov viloyatda energetika, sanoat va bandlik yo‘nalishlarida yirik loyihalar amalga oshirilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nurota tumanida Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va 150 megavattli elektr energiyasini saqlash loyihasi ishga tushirilmoqda.

«Bugun to‘rtta yirik korxonamiz, Nurota tumanimizda Xitoy Xalq Respublikasining kompaniyasi bilan hamkorlikda 300 megavattli quyosh va 150 megavattli elektr saqlash loyihamiz ishga tushirish arafasida turibdi».

Shuningdek, viloyatda umumiy quvvati 2 gigavatt bo‘lgan quyosh va shamol energetikasi loyihalari ham boshlanayotgani ma’lum qilindi. Hokim sanoatni mahalliylashtirish bo‘yicha ham natijalarni keltirdi. Uning aytishicha, bu yo‘nalishdagi loyihalar doirasida 3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish boshlangan.

Bandlik masalasida esa Navoiy endi boshqa hududlardan ham odamlar kelib ishlayotgan viloyatga aylangani ta’kidlandi. Hozir viloyatda 50 mingdan ortiq boshqa hududdan kelgan fuqarolar ishlayotgani aytildi.

«Hozir mana o‘zingiz belgilab bergan tizim asosida aholi daromadini oshirish va boshqa joylardan ham kelib Navoiyda ishlash bo‘yicha, ishchi kuchini import qilasan sen, deb topshiriq bergandingiz. Bugun Navoiy viloyatida 50 mingdan oshiq boshqa hududdan kelib ham ishlashyapti».

Tursunov, shuningdek, ta’lim sohasida to‘rtta yangi obyekt —bitta maktab va uchta bog‘cha ochilish arafasida ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, viloyatda maktablarni bir smenada o‘qitish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Nutqda Navoiyda energetika loyihalarini kengaytirish, sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish va boshqa hududlardan ishchi kuchini jalb qilish asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

Namangan hokimi: «Bu yil barcha sohada Namangan yili bo‘ladi»

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida aytgan «Namanganni birini to‘rt qilishga keldim» degan gapini eslatdi. U bu maqsad yo‘lida barcha kuchini safarbar qilishga va’da berdi.

«Siz viloyatimizga tashrif buyurganingizda, Namanganni birini to‘rt qilishga keldim, degansiz. Mana shu birini to‘rt qilishga bor kuch-g‘ayratimni safarbar qilib ishlashga va’da beraman».

Hokimning aytishicha, Namanganda energetika sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Pop tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida 200 megavattli, 200 million dollarlik energiya saqlash tizimi qurilgan. Viloyatning o‘zida ikkita 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi, Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlarida qariyb 300 megavattlik gidroelektrstansiyalar, Pop tumanida esa yana 200 megavattlik loyiha amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekistonda, Namanganda elektr uzildi degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi», – dedi hokim.

Abdurazzoqov investitsiyalar hajmi ham oshib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Namangan viloyatiga o‘tgan yili 4 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Bu yilning sakkiz oyida esa 3 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilingan.

Viloyat rahbari yil yakunigacha 5 milliard dollar investitsiya kiritish bo‘yicha prezidentga berilgan va’da ustida ishlanayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Ozarboyjon bilan 210 million dollarlik uchta loyihaga start berilgani, joriy yilning o‘zida 1300 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanayotgani aytildi. So‘nggi yillarda viloyatda jami 6400 kilometr ichki yo‘llar asfaltlangan.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu yil barcha manbalar hisobidan Namanganda 12 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilmoqda. Viloyat yil yakunigacha kambag‘allikdan chiqarish va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajarishga ham va’da berdi.

Shavkat Abdurazzoqov prezidentning 23-iyun kuni Namanganga qilgan tashrifini ham alohida tilga oldi. Uning aytishicha, davlat rahbari 65 yilda birinchi marta xalqaro darajaga olib chiqilgan Gullar festivaliga tashrif buyurgan. Shuningdek, Namanganda ilk bor davlat darajasidagi xalqaro maqomdagi anjuman o‘tkazilganini qayd etdi.

Nutq yakunida Shavkat Abdurazzoqov Namangan uchun katta va’da berdi.

«Bu yil sizga va’da beramiz, Namangan yili bo‘ladi barcha sohada».

Samarqand viloyati: «Bu yerning xalqi bu yerda uyini qanday qilib sotib, boshqa joydan olishni o‘ylab yurgan»

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev 2026-yil viloyat uchun «barakali yil» bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat infratuzilma obyektlari uchun 6,9 trillion so‘m ajratilgan.

Bu mablag‘lar hisobidan 1,5 mingta infratuzilma obyekti qurilib, ta’mirlanib, foydalanishga topshirilmoqda. Bundan tashqari, 917 ta boshqa obyektni ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 515 tasi ochilgan, qolgan 405 tasi esa keyingi uch oy ichida foydalanishga topshirilishi aytildi.

Ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar qayd etildi. Bu yil Samarqandda 11-sinfni 50 ming nafar o‘quvchi bitirayotgan bo‘lsa, 1-sinfga 92,5 ming nafar bola qabul qilinmoqda. Shu sababli viloyatdagi 83 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan ikki barobardan oshib ketgan edi.

«Bitta Samarqand viloyatida bunaqa tarixda bo‘lmagan. 139 ta maktab qurilib, ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. O‘sha 83 ta maktab hammasi ikki koeffitsiyentdan bir-bir koeffitsiyentga tushdi».

Shuningdek, 66 ta bog‘cha foydalanishga topshirilishi natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi bir yil ichida 63 foizdan 75 foizga oshgani aytildi. 57 ta mahallaga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazilib, 82 ming aholi suv bilan ta’minlanmoqda. Viloyatdagi 23 ta avariya holatidagi ko‘prik rekonstruksiya qilinib, yana 13 ta yangi ko‘prik qurilmoqda.

Hokim alohida Samarqand shahridagi Sartepo massivida amalga oshirilgan o‘zgarishlarga to‘xtaldi. Uning aytishicha, avvallari massivdagi uylarning tomidan suv o‘tgan, liftlar ishlamagan, podvallar suvga to‘lgan va chiqindilarni olib chiqish muammo bo‘lgan.

«Bu yerning xalqi bu yerda uyini qanday qilib sotib, boshqa joydan olishni o‘ylab yurgan. Bu yerda lift umuman ishlamagan. Tomdan suv o‘tib, issiq suv bo‘lmagan. Podvallar suv bilan to‘lib ketgan. Umuman bu massiv juda ham qoloq, sharoiti og‘ir bo‘lgan».

Boboyevning aytishicha, massivda podvallar tozalangan, liftlarni ta’mirlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan, chiqindilarni qabul qilish punktlari tashkil etilgan. Ularning o‘rnida sport majmuasi va kichik bozor barpo etilgan. Tramvay liniyasi ham massivgacha olib kelingan.

Endi hududdagi avvalgi bozorcha o‘rnida besh qavatli eko-bozor va xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilmoqda. Unda bolalar uchun shoxobchalar ham tashkil etilib, 500 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanishi aytildi.

«Sizning boshlagan ishlaringizni davom ettiryapmiz. Xalq bundan juda ham rozi».

Nutq yakunida Samarqand hokimi prezident tomonidan berilgan topshiriqlarni, jumladan obodonlashtirish bo‘yicha vazifalarni to‘liq bajarishga va’da berdi.

«Buxoro misolida bergan topshirig‘ingizni albatta xuddi o‘sha darajaga bajaramiz, deb biz ham va’da beramiz. Obodonlashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlaringizni ham hammasini oxirigacha yetkazamiz».

Sirdaryo hokimi: «Agrar viloyatdan sanoatlashgan viloyatga aylandik»

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘nggi 10 yilda mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar natijasida viloyat ham katta o‘zgarishlarni boshdan kechirganini aytdi. U ilgari mamlakatda valuta konvertatsiyasi, ta’lim tizimi, tadbirkorlik va qo‘shni davlatlar bilan aloqalar bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini eslatdi.

Turdimov, shuningdek, O‘zbekistonning uzoq yillar paxtaga qaram bo‘lib qolgani haqida ham gapirdi.

«Ko‘p aytasiz, paxtaga tobe edik. Paxta qulligidan ham bir xalos qildingiz-da. Maktab o‘quvchilari daladan chiqmasdi. Bu narsalar o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q», — dedi Turdimov.

Uning aytishicha, ilgari odamlar yil davomida paxta bilan bog‘liq ishlardan bo‘shamagan.

«Siyosiy iroda yo‘qligidan hammamiz paxtaga qul edik, haqiqatda. 24 soat, 12 oy shudgor, chekanka, defoliatsiya, terim bilan shug‘ullanardik. Boshqa ish bilan shug‘ullanmasdik», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Hokim tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida Sirdaryo viloyati ham qishloq xo‘jaligiga asoslangan hududdan sanoatlashgan viloyatga aylanganini aytdi.

«Mana Sirdaryo viloyati ham bugun agrar sohadan sanoatlashgan viloyatga aylanib bo‘ldi», — dedi hokim.

Turdimovning aytishicha, hozir viloyatda yirik sanoat va investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 2026-yili Sirdaryoga 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Uning ta’kidlashicha, avvallari Sirdaryoga shuncha miqdorda investitsiya jalb qilish mumkinligiga hech kim ishonmagan.

«Umuman, Sirdaryoda ham birov ishonarmidi 2 milliard investitsiya olib kelish mumkinligini? Hech kim ishonmasdi. Qilsa bo‘lar ekan-ku», — dedi davlat rahbari.

Hokim 10 yil oldin viloyatda investitsiya deyarli bo‘lmaganini aytib, Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasidagi o‘zgarishlarni ham misol keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari erkin iqtisodiy zonadagi bir gektar yerga o‘rtacha 1 million dollar investitsiya to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 3,8 million dollarga yetgan.

«10 yil oldin ko‘tarsak, o‘zi umuman investitsiya bo‘lmagan ekan, aytishga ham odam uyaladi. Ilgari bir gektar joyiga erkin iqtisodiy zonada 1 million dollar investitsiya to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir Sirdaryo erkin iqtisodiy zonaga 4 million dollarga yaqinlashdi, 3,8 million o‘rtacha loyihalar bir gektar joyga to‘g‘ri kelyapti».

Nutq yakunida Erkinjon Turdimov cirdaryoliklar prezident tomonidan belgilangan barcha vazifalarni bajarishga tayyorligini bildirdi.

«Bugun ochig‘ini aytaman, sirdaryoliklarning shashti juda baland. Siz qo‘ygan barcha topshiriqlarni biz sidqidildan ado etamiz».

Surxondaryo viloyati: «10 yil oldin bu yerga uch tiyin ham investitsiya kelmasdi»

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov 2025–2026-yillar viloyat uchun katta o‘zgarishlar davri bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Surxondaryoni qiynab kelgan yo‘l, ichimlik suvi va infratuzilma muammolarini hal qilish uchun katta mablag‘lar ajratilgan.

Hokim, xususan, M-41 avtomobil yo‘li bo‘yicha tender yakunlangani, Boysun–Denov yo‘lining qurilishi davom etayotganini ta’kidladi. U viloyatning «azaliy orzusi» deb atagan To‘palang suv tizimi ham muhim natijalardan biri bo‘lganini aytdi.

«Surxondaryoning azaliy orzusi — To‘palang tizimi. Bu hech kimning tushiga kirmagan edi. Bugun oxirgi siz bergan topshiriq bo‘yicha yil oxirigacha edi, mana shu Mustaqillik bayramiga Sherobod tumaniga yetib bordi», — dedi hokim.

Qosimovning aytishicha, To‘palangdan ichimlik suvi olib kelish loyihasi viloyat aholisi hayotiga katta ta’sir qiladi. U ichimlik suvi sohasida amalga oshirilgan ishlarni «juda katta revolyutsion reja» deb atadi.

«Yillar o‘tadi, lekin odamlarning sog‘lig‘i o‘zgaradi. Umuman ichimlik suvida juda katta mana shu revolyutsion reja qilgan edik, natija ham bo‘ldi», — dedi viloyati hokimi.

Viloyatda bu yil 3 milliard dollarlik investitsiyalar amalga oshirilmoqda. Hokimning ta’kidlashicha, 10 yil avval Surxondaryoga bunday hajmdagi mablag‘ni jalb qilish mumkinligiga ishonish qiyin edi.

«10 yil oldin bu gapni eshitgan odam, to‘g‘risi, Surxondaryoda uch tiyin ham mumkin emas edi bu yerga olib kelish», — dedi Ulug‘bek Qosimov.

Prezidentning viloyatga avvalgi tashrifi davomida 42 ta loyihaga jami 6,7 milliard dollarlik start berilgan. Hozir esa 2 trillion so‘mlik obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Chegaraoldi hududlaridagi faollik ham oshgan. Hokimning aytishicha, qo‘shni davlatlar bilan aloqalar kengaygani sabab kuniga 3 mingga yaqin ishchi chegaradan o‘tmoqda. Bu esa Sariosiyo va Denov tumanlarida xizmat ko‘rsatish va turizmning rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda.

Qosimov qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish bo‘yicha berilgan vazifalarga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, Surxondaryoda yetishtirilayotgan mahsulotlarni arzon narxda xomashyo sifatida eksport qilish o‘rniga, ularni qayta ishlashga e’tibor qaratilmoqda.

«Menga aytgansiz, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirasan, Surxondaryo yetishtirayotgan mahsulotlar arzon-garovga eksport bo‘lmasin, qayta ishlansin».

Xurmo va anjir yetishtirish hamda ularni to‘liq siklda qayta ishlash bo‘yicha loyihalar qurib bitkazilgan. Uzun tumanida esa har bir xonadonda xurmo yetishtirishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.

Hokimning aytishicha, sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida tadbirkorlik faolligi ham keskin oshgan. U prezidentning Xivadagi tadbirkorlar bilan uchrashuvida e’lon qilingan yangi imtiyozlar Surxondaryo tadbirkorlarini ham ruhlantirganini aytdi.

Qosimov 2025 va 2026-yillarni Surxondaryo uchun alohida davr deb atadi.

«Agar 26-yil, 25-yilni olsak, Surxondaryoliklar yili bo‘ldi desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi. Hamma sohada juda keskin o‘zgarishlar», — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbarining fikricha, eng katta o‘zgarishlardan biri odamlarning dunyoqarashi va talabining o‘zgarayotganidir. U bunga Denov misolini keltirdi. Qosimovning aytishicha, 10 yil avval Denov yopiq shaharga o‘xshash, kanalizatsiya va ichimlik suvi bilan bog‘liq jiddiy muammolari bo‘lgan hudud edi.

«Eng katta menga yoqqani, odamlarning ongi o‘zgaryapti. Denovda qilingan ishlarni ko‘rib, shaharda qilgan ishlarni ko‘rib, haqiqatda 10 yil oldin yopiq shahar edi, kanalizatsiyasi yo‘q, suvi yo‘q», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bugun viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalar faqat infratuzilmani emas, balki odamlarning yashash sharoiti va kelajakdagi imkoniyatlarini ham o‘zgartirmoqda.

Toshkent viloyati hokimi: «6,2 milliardga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi»

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatda ijtimoiy soha, turizm, ta’lim, investitsiya va eksport yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.

Uning aytishicha, viloyatga faqat ijtimoiy soha uchun 1,4 milliard mablag‘ ajratilgan. Shu hisobidan 34 ta maktab va 24 ta bog‘cha to‘liq bitkazilgan. Shuningdek, 13 ta sanatoriy, profilaktoriy va xususiy dam olish maskani, 107 ta uy-mehmonxona hamda kamida 50 o‘rinli 17 ta mehmonxona qurilgan.

«Siz Toshkent viloyatini turizm maskaniga aylantirib berdingiz».

Mustaqillik bayrami arafasida tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan ham yangi ijtimoiy obyektlarni ishga tushirmoqda. Xususan, 987 milliard so‘m evaziga 7 ta xususiy maktab, 18 ta xususiy bog‘cha va 36 ta xususiy klinika qurilgan.

Hokim viloyat tumanlarida bir kunda o‘nlab ta’lim va ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirilayotganini ham ta’kidladi. Jumladan, Yangiyo‘l tumanida bir kunda 5 ta maktab va 9 ta bog‘cha, Bekobod tumanida esa 16 ta maktab, 29 ta bog‘cha va 13 ta mahalla markazi ochilgan.

Investitsiya masalasida Zoir Mirzayev yil boshida Toshkent viloyatiga 6,2 milliard dollar investitsiya jalb qilish majburiyati qo‘yilganini aytdi. Yilning yetti oyi yakuniga ko‘ra 2,9 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan.

Eksport bo‘yicha esa viloyat oldiga 2,5 milliard dollarlik ko‘rsatkich qo‘yilgan. Hozirga qadar 1,3 milliard dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Hokim nutqida Ohangaron tumanidagi yangi loyihani ham misol qilib keltirdi. 30 million dollarlik investitsiya evaziga quyosh panellari uchun yacheyka ishlab chiqaradigan korxona tashkil etilgan. Korxona yil oxirigacha faqat AQSHga 200 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga ega ekani aytildi.

«Mana shu men turgan korxona Ohangaron tumanida hech kimning xayoliga kelmagan loyiha. Bu quyosh panellari uchun yacheyka ishlab chiqaradi. 30 million dollar investitsiya. Eng qizig‘i, yilning oxirigacha 200 million dollar shartnomasi faqat Amerikaning o‘ziga bor ekan hozir».

Mirzayevning aytishicha, prezidentning Toshkent viloyatiga so‘nggi tashrifi davomida 6,2 milliard dollarlik 14 ta loyihaga start berilgan va ularning barchasi boshlangan.

Hokim, shuningdek, Nurafshondag‘ы o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning shaharga tashrifi va u yerda o‘tkazilgan bayram tadbirlari viloyat aholisi kayfiyatiga katta ta’sir qilgan.

«Bugun xalqimiz nima bilan yashayapti desangiz, siz Nurafshonga kelib, aylanib, odamlar bilan o‘zingiz yangitdan bunyod qilgan joyda bayramni o‘tkazgan, o‘sha bayram kayfiyati bilan yashayapti xalqimiz».

Hokim yil oxirigacha shu kayfiyatni saqlab qolishga va yangi Nurafshonda viloyat markazidagi ilk bayram tadbirini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdi.

«Biz o‘zimizning viloyatning markazida birinchi bayramimizni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz».

Farg‘ona viloyati hokimi: «Endi investorlarni ham tanlaydigan bo‘lib qoldik»

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyatda yil boshidan buyon 2,7 milliard dollar investitsiya jalb qilinganini aytdi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 4,5 milliard dollarga yetkazish va’dasi berilgan.

«Investitsiya mana 2,7 milliard bo‘ldi. Yil yakunigacha 4,5 va’da berganmiz, bu to‘la oxirigacha bajariladi».

Hokimning aytishicha, bugun Farg‘onaga 35 ta davlatdan investorlar kelmoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Yaponiya, Yevropa davlatlari va AQSHdan investorlarning faolligi oshgan.

«Bizga Farg‘onaga investitsiya kiritayotgan investorlar 35 ta davlatdan bo‘ldi. Saudiyalar juda ham katta qiziqish bilan ishni boshlayapti. Turkiya juda ham qattiq faollik bilan korxonalarni tashkil qilib, ishni boshlayapti. Yaponlar boshlagan, yevropaliklar boshlagan, amerikaliklar kelyapti».

Bozorov bu holat O‘zbekiston va Farg‘onaning xalqaro miqyosda tanilayotgani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Hokim nutqida «Hansy Mobility» loyihasiga ham to‘xtaldi. Koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan 30 million dollarlik loyiha ikki bosqichda ishga tushiriladi. Uning hisobidan mamlakatga import qilinayotgan GM avtomobillari ehtiyot qismlarining 40 million dollarlik qismini mahalliy ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi aytildi.

«40 million dollarlik mamlakatimizga import bo‘lib kelayotgan GM avtomobil zapchastlarini o‘zimizda ishlab chiqarish, mahalliylashtirish imkonini beradi».

Farg‘ona hokimi avvallari hududga qanday bo‘lmasin investor olib kelishga harakat qilinganini, hozir esa viloyat loyiha va investitsiyalar sifatini tanlaydigan darajaga yetganini aytdi.

«Ilgari nima bo‘lsa yugurardik, chopardik, qanaqa investitsiya bo‘lsa olib kelardik. Endi ochig‘ini aytganda, oxirgi vaqtda biz ham tanlaydigan bo‘lib qoldik. Investor kelsa, to‘xta, oldin gaplashib ko‘rsin, o‘zi qabul qilish kerakmi yo kerak emasmi? Bu yaxshiroq bir yuqori qiymatli loyiha taklif qilyaptimi yo yana shu kichik loyiha olib keldim deydigan darajaga bordik».

Uning aytishicha, endi investorlardan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va klasterli ishlab chiqarishga asoslangan loyihalar talab qilinmoqda.

Dang‘ara tumanida esa zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 170 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichiga 20 million dollar sarflanib, ikkinchi bosqichga yana 150 million dollar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

«Investorlarga ham aytganmiz, bizga tugallangan yuqori qiymat qilib ber, klasterli ishlab chiqarishlarni qilib ber, deyapmiz».

Nutq yakunida Xayrulla Bozorov Farg‘ona viloyati rahbariyati va tadbirkorlari prezident tomonidan belgilangan marralarni yuqori darajada bajarishga va’da berdi.

«Biz bundan faqat kuch olamiz, g‘ayrat olamiz va mehnat qilib, siz qo‘ygan marralarni eng yuqori darajada, namuna qilib bajarishga yana bir bor butun Farg‘ona oqsoqollari, tadbirkorlar nomidan va’da beramiz».

Xorazm viloyati hokimi: «Xorazmni ishsizlikdan va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiramiz»

Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov Mustaqillikning 35 yilligi arafasida viloyatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

«Bugun biz 150 million dollar investitsiya kiritilishi hisobiga amalga oshirilgan Urganch–Xiva birinchi pullik yo‘lning topshirilish jarayonida turibmiz. Ushbu yo‘l Urganch shahar va Xiva shaharlarini bog‘lab, nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlar uchun ham xizmat ko‘rsatib, turizm salohiyatini oshirishda bizga xizmat qiladi», — dedi hokim.

Davletovning aytishicha, prezidentning viloyatga yaqindagi tashrifi davomida 12 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilgan va umumiy qiymati 7,5 milliard dollarlik yangi loyihalarga start berilgan.

Shuningdek, viloyatda 55 ta maktab va maktabgacha ta’lim obyekti foydalanishga topshirilgan. Yil yakunigacha esa 235 million dollarlik yana 10 dan ortiq investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Xorazm rahbariyati yil yakunigacha 81 ming nafar kambag‘al oila a’zosini hamda 39 ming nafar ishsizlarni ish bilan ta’minlashni va’da qilmoqda.

«Yil yakunigacha o‘zingizga va’da bergan o‘sha 81 ming nafar kambag‘al oila a’zolarini, shuningdek, 39 ming nafar ishsizlarni ish bilan ta’minlab, Xorazm viloyatini ishsizlikdan va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiramiz», — dedi hokim.

Bu yil viloyatga 20 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani, ushbu mablag‘lar hisobiga turli bunyodkorlik va infratuzilma ishlari amalga oshirilayotgani ham qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Xorazmni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha alohida tizim joriy etilishini aytdi. Bunda Senat rahbariyati ishtirokida jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilishi va bu «Xorazm tajribasi» bo‘lishi ta’kidlandi. Davlat rahbari kelgusi yil O‘zbekistonda «Xorazm yili» bo‘lishini ham aytib, viloyat rahbariyatini tadbirkorlik, ishbilarmonlik va ijtimoiy sohalardagi ishlarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Prezident, shuningdek, Urganch–Xiva pullik yo‘lini alohida e’tirof etdi.

Poytaxt hokimi: «Poytaxt 9 milliard dollar investitsiya jalb qiladi»

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov poytaxt so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan shaharlar qatoriga kirganini aytdi. U «Boston Consulting Group» tadqiqotida Toshkent dunyodagi 80 ta rivojlangan shahar orasida rivojlanish sur’ati bo‘yicha Shenjen va Doha shaharlaridan keyin uchinchi o‘rinni egallaganini ta’kidladi.

«Sizning islohotlaringiz, bugun amalga oshirayotgan ishlaringiz natijasida Toshkent shahri dunyoda uchinchi o‘rinni olib, Shenjen va Doha shahridan keyin uchinchi o‘rinni egalladi».

Hokimning aytishicha, Toshkent 2024-yilda 2,7 milliard dollar investitsiya jalb qilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 9 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Sakkiz oy yakuniga ko‘ra esa shaharga 5,6 milliard dollar investitsiya jalb qilingan.

Shuningdek, yil yakuniga qadar 4 milliard dollarlik eksportga chiqish maqsad qilingan. Hozir ishga tushirilayotgan 14 ta loyiha orasida to‘rttasi sanoat, ikkitasi turizm yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ular to‘liq quvvatga chiqqach, qariyb 3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarib, 1,5 milliard dollarlik eksportni ta’minlaydi.

Yil oxiriga qadar sanoat zonasida yana 500 million dollarlik 22 ta yangi loyiha joylashtirilishi ham aytildi.

Umrzoqov, shuningdek, «DP World» kompaniyasi Toshkentda logistika loyihasini boshlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Kompaniya oktabr oyida 120 million tonna yuk va 150 ming konteynerni qayta ishlash quvvatiga ega logistika markazining tamal toshini qo‘yish marosimiga prezidentni taklif qilgani aytildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ilgari bo‘sh hudud bo‘lgan joyda hozir umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar shakllangan. Ulardan 26 tasi joriy yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 10 tasi ishga tushiriladi.

«Biz, poytaxtliklar, sizning bugun amalga oshirayotgan islohotlaringizda hammasini birinchilar darajasida bajarishga va’da beramiz».

Prezident esa Toshkentning 9 milliard dollarlik investitsiya jalb qilish rejasi katta ko‘rsatkich ekanini aytib, poytaxt boshqa hududlarga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«Niyatimiz bitta — xalqimizni rozi qilish, qadrini ko‘tarish va Toshkent bunda namuna bo‘lishi shart va namuna bo‘lyapti ham».








Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 195

Барчаси

Мавзуга оид

Milliardlab investitsiyalar, kambag‘allik va ishsizlikni nollashtirish: hokimlar prezidentga nima va’dalar berdi? | Vaqt.uz