Namanganda Toshkentdagidan 4 barobar kam: O‘zbekistonda aholining umumiy daromadlari 263 trln so‘mdan oshdi
2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda aholi daromadlari real o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, 263,2 trln so‘mga yetdi. Biroq hududlar o‘rtasidagi farq keskin saqlanmoqda.

2026 yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining umumiy daromadlari 263,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,8 foizni tashkil etgan. Bu aholi qo‘lidagi real mablag‘lar hajmi sezilarli darajada oshganini anglatadi.
Mazkur davrda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromadlar 6,9 mln so‘mga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichning nominal o‘sishi 13,5 foizni, inflatsiya hisobga olingan holdagi real o‘sish esa 5,8 foizni tashkil qildi.

Hududlar kesimidagi katta farqlar
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar bo‘yicha hududlar o‘rtasida jiddiy tafovutlar kuzatilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda jon boshiga daromad 19,1 mln so‘mga yaqinlashgan.
Shuningdek, Navoiy viloyati (10,5 mln so‘m), Buxoro viloyati (7,3 mln so‘m) va Toshkent viloyati (6,9 mln so‘m) ham respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori natija qayd etgan hududlar qatoriga kiradi.
Aksincha, Namangan (4,6 mln so‘m), Surxondaryo (4,7 mln so‘m), Qashqadaryo (4,9 mln so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,9 mln so‘m atrofida) aholi daromadlari ancha past darajada saqlanmoqda. Shuningdek, Jizzax, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Xorazm viloyatlari ham o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

Daromadlar tarkibi
Aholi daromadlari tarkibi tahlili shuni ko‘rsatadiki, asosiy ulush mehnat faoliyati (ish haqi)dan olinayotgan daromadlarga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Navoiy viloyatida mehnatdan olinayotgan daromadlar ulushi 75,1 foizni tashkil etib, eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkich ish haqi va mustaqil bandlikdan olinayotgan daromadlar aholi farovonligida hal qiluvchi omil bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi.
Biroq Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida mehnat daromadlari ulushi respublika o‘rtacha darajasidan pastligicha qolmoqda.

Qo‘shimcha manbalar roli
Aholi daromadlari faqat ish haqi bilan cheklanib qolmayapti. Shaxsiy iste’mol uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xizmatlar va mol-mulkdan olinadigan daromadlar ham muhim rol o‘ynaydi.
Jumladan, umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 54,5 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, transferlar olingan daromadlar ham katta ulush egallab, 2026 yilning 3 oyida aholining umumiy daromadlari hajmida transfertlarning ulushi 27,5 foiz bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mga yaqinlashganligin ma’lum qilingan edi.
Теглар






