«Ochiq, lekin yopiq»: Sud OAVga 90 million dollarlik migratsiya ishini yoritishni taqiqladi
Bugun, 29-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq va 90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgani aytilayotgan yirik jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Sud majlisi sudya Durdona Dadaxonova raisligida o‘tkazilmoqda. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Dastlabki sud majlisida sobiq yuqori lavozimli mulozimlar — Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) sobiq zobiti, podpolkovnik Ganchar Uzoqov, DXX Ichki xavfsizlik departamenti sobiq boshlig‘i, polkovnik Alijon Ashurov, uning o‘rinbosari Temur Shorixsiyev hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Suhrob Sayfutdinov sudlanuvchi sifatida ishtirok etmoqda.
Mahkama avvalida zalga ommaviy axborot vositalari vakillari ham kiritildi. Raislik qiluvchi sudya D.Dadaxonova jurnalistlarning ishtirok etishdan maqsadi va jarayonni qay tartibda yoritish niyatida ekani yuzasidan muloqot o‘tkazdi. Bunda Vaqt.uz muxbiri jarayonning ochiq yoritib borilishi sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi ekanini inobatga olgan holda sudni OAV uchun ochiq qilishni so‘radi. Davlat ayblovchisi (prokuror) ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilishni sudning ixtiyoriga qoldirdi.
Shundan so‘ng sudya advokatlar va sudlanuvchilarning OAV ishtirokiga oid pozitsiyasini so‘radi. Sudlanuvchilarni himoya qilayotgan 10 dan ortiq advokatlar jamoasi Konstitutsiyada shaxsning sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishini vaj qilib ko‘rsatib, jurnalistlarning qatnashishiga qat’iy qarshilik qilishdi. Sudlanuvchilar ham o‘z himoyachilarining pozitsiyasini qo‘llagan holda jarayonning OAVda yoritilishiga norozilik bildirishdi. Faqatgina sudlanuvchi Ganchar Uzoqov bu boradagi qarorni sud ixtiyoriga qoldirdi.
Yakunda sud o‘z o‘rnida ajrim chiqarib, majlis ochiq tartibda o‘tkazilishini, biroq uni matbuotda va OAVda yoritish man etilishini ma’lum qildi.
Sudlanuvchilarga e’lon qilingan ayblovlar
Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergov yakunlariga ko‘ra, sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan:
Uzaqov Ganchar Ummat o‘g‘li: 210-modda 3-qismi «a», «b» bandlari (Pora olish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-modda 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi);
Sharixsiyev Timur Badridinovich: 210-modda 3-qismi «a», «b» bandlari (Pora olish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-modda 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish...);
Ashurov Alijon Ganiyevich: 210-modda 3-qismi «a», «b» bandlari (Pora olish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-modda 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish...);
Sayfutdinov Suxrob Sanjarovich: 210-modda 3-qismi «a», «b» bandlari (Pora olish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-modda 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish...).
Ma’lumot uchun: Bugun, shuningdek, 200 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan boshqa bir shov-shuvli ish — Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori A.Ortiqovga oid turli sud jarayonlari ham OAV va jamoatchilik e’tiboridan panada o‘tishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
Теглар





