Oltin narxi dollar zaiflashuvi fonida o‘sdi

Бугун 13:252 дақиқа

Dollarning zaiflashishi va global geosiyosiy xavflar fonida oltin narxi ko‘tarildi. Ayni paytda investorlar AQSH–Xitoy muzokaralaridan yangi signallar kutmoqda.

Oltin narxi dollar zaiflashuvi fonida o‘sdi © gate.com

Oltin narxlari dollarning zaiflashishi fonida ozgina o‘sdi. Investorlar esa AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Jinping o‘rtasidagi muzokaralar hamda Eron urushidagi ehtimoliy siljishlarga diqqat qaratmoqda.

Spot bozorida oltin narxi 0,4 foizga oshib, bir unsiyasi uchun 4706,70 dollarga yetdi. Iyun oyida yetkazib beriladigan AQSH oltin fyucherslari esa 0,2 foizga ko‘tarilib, 4713,40 dollar bo‘ldi.

Dollar kursining pasayishi boshqa valutalar egalari uchun dollarda baholanadigan oltinni arzonroq qildi.

«Hozircha oltin narxi barqarorlashyapti, chunki hamma AQSH va Xitoy o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralar natijasini kutmoqda», – dedi «GoldSilver Central» boshqaruv direktori Brayn Lan.

Uning aytishicha, oltinda biroz pasayish kayfiyati sezilmoqda va bu metallga kirishni istagan investorlar uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin.



Trampning Xitoyga tashrifi


Donald Tramp Pekinda Si Jinping bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazish uchun Xitoyga yo‘l oldi. U iqtisodiy yutuqlarga erishish, savdo bo‘yicha nozik sulhni saqlab qolish va Yaqin Sharq mojarosi kabi murakkab masalalarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Tahlilchilar fikricha, Tramp fevral oyi oxirida Isroil bilan birgalikda boshlagan qimmat urushni hal qilishda Xitoy yordamini so‘rashi mumkin, ammo u kutgan darajada qo‘llab-quvvatlov olishi ehtimoli past.

AQSHdagi vaziyat

13-may kuni chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda ishlab chiqaruvchilar narxlari aprel oyida so‘nggi to‘rt yildagi eng katta o‘sishni qayd etdi. Bu tovarlar va xizmatlar xarajatlarining keskin oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, inflatsiya tezlashayotganini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, AQSH Senati Kevin Uorshni Federal zaxira tizimi raisi lavozimiga tasdiqladi. AQSH markaziy banki inflatsiya kuchayib borayotgan bir paytda ish boshlamoqda va bu Tramp talab qilayotgan foiz stavkalarini pasaytirishni qiyinlashtirishi mumkin.

«CME Group»ning «FedWatch» vositasiga ko‘ra, treyderlar bu yil Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirishi ehtimolini deyarli hisobdan chiqargan. Bozorlar dekabrgacha stavka oshirilishi ehtimolini 28 foiz deb baholamoqda.

Oltin va boshqa metallar

Oltin odatda inflatsiyadan himoya vositasi sifatida qaraladi. Biroq yuqori foiz stavkalari daromad keltirmaydigan ushbu metallga bosim o‘tkazishi mumkin.

Shu bilan birga, Hindistonda oltinga chegirmalar 13-may kuni rekord daraja – bir unsiya uchun 200 dollardan oshdi. Bu import bojlari oshirilganidan keyin narxlarning keskin ko‘tarilishi va zaif talab sharoitida investorlarning sotuvlari ortishi bilan izohlanmoqda, dedi «Reuters»ga qimmatbaho metallar dilerlari.
Spot bozorida kumush narxi 1 foizga tushib, unsiyasi 87,08 dollar bo‘ldi. Platina 2137,30 dollarda barqaror qoldi, palladiy esa 0,1 foizga pasayib, 1499,14 dollarga tushdi.

Теглар

Мавзуга оид