O‘zbekiston tashqi savdosi 29 foizga o‘sdi: manfiy saldo 2,4 mlrd dollardan oshdi

02.03.2026 | 08:552 дақиқа

Joriy yilning ilk oyida mamlakat tashqi savdo aylanmasi qariyb 6 mlrd dollarga yetdi: import sur’atlari eksportdan sezilarli darajada yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston tashqi savdosi 29 foizga o‘sdi: manfiy saldo 2,4 mlrd dollardan oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd dollar yoki 29,2 foizga ko‘pdir. Umumiy hajmdan eksport 1,7 mlrd dollarni (o‘sish 26,7 foiz), import esa 4,1 mlrd dollarni (o‘sish 30,3 foiz) tashkil etdi. Natijada tashqi savdoda 2,4 mlrd dollar miqdorida manfiy saldo qayd etildi.

O‘zbekiston dunyoning 145 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Eng yirik savdo hamkorlari sifatida Xitoy (27,9 foiz), Rossiya (18,7 foiz) va Qozog‘iston (7,1 foiz) yetakchilik qilmoqda.

 

Eksport

Eksport tarkibida sanoat tovarlari 18,1 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar esa 10 foizni egalladi. Rossiya O‘zbekiston mahsulotlarining asosiy xaridori bo‘lib, umumiy eksportning 19,2 foizi aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keldi.

Meva-sabzavot eksporti yanvar oyida 106,8 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga oshdi. To‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa 216,5 mln dollarga yetib, umumiy sotuvning 12,8 foizini tashkil qildi. Xizmatlar eksportida turizm (47,9 foiz) va transport xizmatlari (35,9 foiz) asosiy ulushga ega bo‘ldi.

 

Import tarkibi va yo‘nalishlari

Yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, import hajmi 4,1 mlrd dollardan oshdi. Import tarkibida asosiy ulushni mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,9 foiz), sanoat tovarlari (13,9 foiz) hamda kimyoviy moddalar (11,8 foiz) egalladi. Tovarlar importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 869,4 million dollarga ko‘payib, 3,7 mlrd dollarga yetdi. Xizmatlar importi esa 443 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonga tovar va xizmatlar import qiluvchi asosiy davlatlar qatorida Xitoy yaqqol peshqadamlik qilmoqda — jami importning 35 foizi. Rossiya (18,5 foiz) va Qozog‘iston (8 foiz) ham yuqori o‘rinlarni band etgan. Xizmatlar importi tarkibida turizm (56,2 foiz) va transport xizmatlari (18,7 foiz) eng katta ulushga ega bo‘ldi. Shuningdek, telekommunikatsiya va axborot xizmatlari importi 10,2 foizni tashkil etdi.

Import sur’atlarining eksportga qaraganda tezroq o‘sishi mamlakat iqtisodiyotida mashinasozlik va texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligidan dalolat beradi. Germaniya (2,3 foiz) va Turkmaniston (2 foiz) kabi davlatlar ham yirik hamkorlar ro‘yxatidan joy oldi. Import qilinayotgan tovarlarning asosiy qismi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan.

 

Tashqi savdodagi tendensiyalar

O‘zbekiston tashqi savdosidagi manfiy saldoning o‘sishi ichki bozorda investitsion tovarlarga bo‘lgan talabning ortishi bilan izohlanadi. To‘qimachilik eksportida tayyor mahsulotlar ulushi 51,4 foizni tashkil etgani sohada qo‘shilgan qiymat yaratish jarayoni faollashganini ko‘rsatadi. Xizmatlar eksportining 44,1 foizga o‘sishi esa turizm va axborot texnologiyalari sohasidagi islohotlar samarasidir.

Yanvar oyidagi ijobiy ko‘rsatkichlardan biri — meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qiymatining 21,6 foizga oshganidir. Bu esa agrar sektorda sotish geografiyasi kengayayotgani va sifat nazorati yaxshilanayotganidan dalolat beradi.

Теглар

Мавзуга оид