O‘zbekiston yanvarda oltin sotmadi, aksincha sotib oldi
Mamlakat uch yildan beri yanvarda oltin sotuvini amalga oshirmayapti. 2025-yil davomida rekord darajada oltin eksport qilingandi.

O‘zbekistonning 2026-yil yanvar oyidagi tashqi savdo aylanmasi 5,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 29,2 foizga ko‘proq bo‘ldi.
Tashqi savdo aylanmasida eksport 1,7 mlrd dollarni (+26,7 foiz), import 4,1 mlrd dollarni (+30,3 foiz) tashkil qildi. Yanvarda import eksportdan ko‘ra tezroq o‘sgan.
Import va eksport orasidagi farq — salbiy saldo esa yanvar oyida 2,4 mlrd dollargacha kengaygan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarda 1,9 mlrd dollar atrofida edi.
O‘zbekiston so‘nggi ikki yildan beri yilning birinchi oyida umuman oltin sotuvini amalga oshirmayotgandi. Bu tendensiya 2026-yilda ham davom etdi. 2023-yilning yanvarida 1,2 mlrd dollarlik oltin eksport qilingandi.
Shunga qaramay, yanvarda 6,1 mln dollarlik monetar bo‘lmagan oltin import qilindi. 2025-yilning shu davrida import ko‘rsatkichi 44,3 mln dollar edi.
Oltinnig iqtisodiyotdagi o‘rni qanday?
2025-yilda O‘zbekiston 9,9 mlrd dollarlik rekord darajada oltin eksport qilgandi. Yil davomida oltin-valuta zaxiralari ham sezilarli o‘sdi — 41,2 mlrd dollardan 66,3 mlrd dollarga. Zaxiralardan oltin ulushi 80 foizdan yuqori.
2026-yilgi davlat budjetining 20 foizdan oshig‘ini Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) to‘ldirishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil 17,7 foiz, 2024-yil 12,4 foiz bo‘lishi prognoz qilingandi.
O‘tgan yilda oltin narxi sezilarli oshib, bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Yil boshida qimmatbaho metallning global narxi unsiyada 2 650 dollar atrofida edi. Keyinchalik narx qariyb 4 500 dollargacha chiqdi. 2026-yilda narx 5 600 dollargacha yetib, tarixiy rekordni yangiladi.
Oltin qimmatlashi fonida, NKMKning 2025-yil birinchi yarmidagi sof foydasi 72 foizga o‘sib, 1,5 mlrd dollarni tashkil qildi.





