O‘zbekistonda kreativ industriya sohasidagi xorijiy kontragentlar uch turdagi soliqdan ozod qilinmoqda

Senat ijodiy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga oid qonunni ma’qulladi. Xorijiy kontragentlar 2030 yilgacha QQS va daromad soliqlaridan ozod etilishi mumkin.

O‘zbekistonda kreativ industriya sohasidagi xorijiy kontragentlar uch turdagi soliqdan ozod qilinmoqda

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijodiy iftisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjat bilan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi loyihalarida ishtirok etuvchi mutaxassislarga hamda Ijodiy sanoat parki (Creative Industries Park) rezidentlariga muayyan soliq imtiyozlari berilmoqda.

Qonunga ko‘ra, xorijiy kontragentlar 2026 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda quyidagi uch turdagi soliqni to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilgan:

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS);
Ushlab qolinadigan daromad solig‘i;
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS).

Ushbu imtiyoz xorijiy kontragentlarning ijodiy sohalar bilan bevosita bog‘liq ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan holatlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur chora sohaga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va mahalliy ijodiy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ijodiy sanoat parki rezidenti maqomini olish uchun tadbirkorlik subyektlari o‘z biznes-rejasini tasdiqlashi va yillik umumiy daromadining kamida 80 foizini ijodiy sanoat faoliyatidan olishi shart. Yangi tashkil etilgan bizneslar uchun dastlabki bosqichda bu majburiyat qo‘llanilmaydi, biroq moliyaviy yil yakuniga qadar ushbu talab bajarilmasa, soliq imtiyozlari qayta hisoblab chiqiladi va budjetga qaytariladi.

Теглар

Мавзуга оид