O‘zbekistonda kredit foizlari dunyodagi eng yuqorilaridan biri bo‘lib qolmoqda

25.02.2026 | 23:203 дақиқа

2026 yilga kelib kreditlarning o‘rtacha stavkasi bo‘yicha O‘zbekistondan faqat sanoqli davlatlar oldinda. Real foiz stavkalari o‘sgani sari aholi ko‘proq kredit olmoqda.

O‘zbekistonda kredit foizlari dunyodagi eng yuqorilaridan biri bo‘lib qolmoqda

Kredit foizlari qaysi davlatda qanday belglanishi ko‘p jihatdan o‘sha davlatda pulning narxi qancha ekani bilan bog‘liq. Agarda inflatsiya yuqoriroq bo‘ladigan bo‘lsa, kredit foizlari ham baland bo‘ladi. 

Bundan tashqari, kredit foizlariga Markaziy banklar tomonidan belgilanadigan asosiy stavka ham ta’sir qiladi. 

2025 yil dekarb holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yuqoriroq foizda ajratiladigan mikroqarzlardan tashqari kreditlarning o‘rtacha foizi 22,9 foizni tashkil qilgan. 1-yanvar holati bo‘yicha bu raqam 23,4 foizgacha o‘sgan. 

Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi. Trading Economics ma’lumotlarida ko‘rsatilishicha, O‘zbekistondan faqat Turkiya va Zimbabveda kredit foizlari yuqoriroq. 

1

Turkiya va Zimbabve O‘zbekistondan farqli ravishda bir necha yildan beri giperinflyatsiya bilan kurashib kelayotgan davlatlardir. 

Yevropa davlatlarida kreditlar o‘rtacha 2,4 foizdan ajratilsa, AQSHda bu ko‘rsatkich 6-7 foiz atrofida. Rossiyada kreditlar 18 foiz atrofida ajratiladi. 

Qo‘shni Qozog‘istonda ham aholi bankdan o‘rtacha 17-18 foiz atrofida kredit olishi mumkin. Uzoq muddatli kreditlar foizi 12-13 foiz atrofida. 

O‘zbekistonda esa uzoq muddatli kreditlarni o‘rtacha 23 foizdan kamiga topib bo‘lmaydi. Bu Qozog‘istondan deyarli 2 barobar qimmatroq. 

Kredit olish ko‘payishda davom etmoqda

O‘zbekistonda kredit foizlari hamon yuqoriligicha qolayotgan bo‘lsada, odamlarning kreditga bo‘lgan talabi pasaygani yo‘q. 

Inflatsiyani pasayishiga qaramasdan, kreditlarning o‘rtacha real foiz stavkasi 2025 yilning so‘nggida so‘nggi yillarda birinchi marta 10 foizdan oshdi. 

2

Real foiz stavka — bu nominal foiz stavkadan inflyatsion kutilmalar darajasi ayrilgandan keyin shakllanadigan, foiz daromadining haqiqiy samaradorligini aks ettiruvchi ko‘rsatkich.

Kreditning real shartlari qimmatlaganiga qaramay, mamlakatda kredit olish jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. 2025 yilda aholi banklardan 156,9 trln so‘mlik kredit oldi

Bunda o‘sish ko‘rsatkichi deyarli 50 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun 2024 yilda o‘sish atiga 4,4 foizni bo‘lgandi. 

Yil davomida banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning deyarli yarmi (45,8 foiz) mikroqarzlar bo‘ldi. Aholi 71,8 trln so‘mlik mikroqarz oldi va bu 2024 yilga nisbatan 56,7 foizga oshdi. 

Mikroqarzlarning o‘rtacha foizi rekord darajada arzonlayotganini ham qayd etish kerak. 23-fevral holatiga ko‘ra, banklarda mikroqarzlar o‘rtacha 29,3 foizdan ajratilmoqda. Bu so‘nggi paytlardagi eng past ko‘rsatkich.

Ammo, mikroqarzlarning o‘rtacha foizi pasayishi ortidan mikroqarz olish imkoniyati sezilarli pasayib ketgan. 

Kuzatuvchilarning ma’lum qilishicha, banklarda mikroqarz limitlari avvalgiga qaraganda pastroq berilmoqda. Ayrim banklarda qo‘shimcha mikroqarz olish xizmati to‘xtatilgan. 

Bunga asosiy sabab — Markaziy bank risklarni oldini olish maqsadida mikroqarzlar uchun banklar kredit portfeliga 25 foizlik chegara joriy qilayotgani. 

Bu limit 2029 yildan boshlab amal qilishi kutilmoqda. Bir nechta banklar kredit portfelining katta qismi mikroqarzlardan iborat bo‘lib, ular regulyator talabiga moslashishga harakat qilmoqda. 

Shu sababli 2026 yilda mikroqarz aholi orasida 2025 yildagidek ommabop bo‘lmasligi mumkin. O‘tgan yili mikroqarz olish 56 foizdan ko‘proq oshgandi. 

2023 yilda avtokreditlar uchun 25 foizlik chegara qo‘llanilgach, banklarda avtokredit ajratish ham keskin kamayib ketgandi. 

Теглар

Мавзуга оид