O‘zbekistonda maktablar uchun yangilangan Milliy o‘quv dasturi qabul qilindi
U Islom taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi va Ta’lim sohasidagi Global hamkorlik tashkiloti tomonidan moliyalashtirilayoygan SmartED loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
© Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiO‘zbekiston maktablari uchun qayta ko‘rib chiqilgan Milliy o‘quv dasturi 18-avgust kuni taqdim etildi. Bu haqda UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ko‘magida SmartED loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Uni amalga oshirish Cambridge University Press and Assessment bilan birgalikda olib boriladi. SmartED loyihasini Islom taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi va Ta’lim sohasidagi Global hamkorlik tashkiloti tomonidan moliyalashtirilmoqda.
BMT Bolalar jamg‘armasining yozishicha, takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturida barcha o‘quvchilar uchun aniq o‘quv maqsadlari belgilangan bo‘lib, ular xalqaro miqyosda yuqori ta’lim natijalariga ega ta’lim tizimlari standartlari bilan yanada uyg‘unlashtirilgan. Islohotning muhim maqsadlaridan biri boshlang‘ich, tayanch o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlarida o‘quvchilarning ta’lim natijalarini izchil oshirish hamda xalqaro miqyosda tan olingan chuqurlashtirilgan dastur (A Level) standartlariga qiyoslanadigan natijalarga erishish uchun zarur ta’lim yo‘nalishlarini shakllantirishdan iborat.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimovning aytishicha, takomillashtirilgan o‘quv dasturlari samarali dars jarayonini tashkil etish, formativ baholashni keng qo‘llash, inklyuzivlik va gender tengligini ta’minlash, shuningdek, har bir o‘quvchidan yuqori natijalar kutiladigan ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
«Ta’lim mazmunini takomillashtirishga qaratilgan mazkur islohot ta’lim tizimini keng ko‘lamli transformatsiya qilish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lib, u baholash tizimini takomillashtirish, o‘quv jarayoni sifatini oshirish, darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni yaxshilash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi», — deydi u.
Qariyb ikki yil davomida 147 nafar mahalliy va 30 nafar xalqaro ekspertlar tomonidan takomillashtirilgan o‘quv dasturi 260 dan ortiq ishchi uchrashuv va maslahatlashuvlarni o‘z ichiga olgan.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi to‘liq amaliyotga joriy etilgach, uning ta’sir ko‘lami katta bo‘lib, qariyb 7 million o‘quvchini qamrab olishi kutilmoqda.
«Dastur o‘quvchilarning aqliy, ijtimoiy va emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi, ularni jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda mustaqil hayot kechirishga hamda zamonaviy mehnat bozorining tobora ortib borayotgan talablariga tayyorlashga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.





